Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo`yicha o`tgan yil noyabr oyida qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazayotgani haqida xabar bergan edik.
Prezident 3 ta yo`nalish bo`yicha sog`liqni saqlash tizimi rahbarlari oldiga savol qo`ydi.
1. Joriy etilgan yangi tizim bo`yicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo`lingani nimani ko`rsatib berdi?
2. Mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlash boshlandimi va bundan nechta fuqaro minnatdor bo`ldi?
3. Tibbiyot muassasalarida qaysi xizmat pulli, qaysi bepul bo`ldi?
Prezident rahbarlar bu vazifalarni to`liq tushunib etmayotganini, aynan shuning uchun ham 6 oyda Qoraqalpog`iston, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari sog`liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari hamda 37 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishdan olinganini aytdi. Rahbarlarning dunyoqarashi o`zgarmas ekan, bu ro`yxat yana davom etishi mumkin.
"Odamlar tibbiy xizmat sifatidan norozi. Sohada “Temir”, “ayollar” va “yoshlar” daftari kabi masalani ichiga kirib, muntazam shug`ullanmasak, islohotlar natijasini xalqimiz sezmaydi. ...Pandemiya bizga shuni o`rgatdi: har bir viloyatda dori-darmonlarning narxi oshib ketmasligi uchun o`zining 3-6 oylik zaxirasi bo`lishi kerak",–dedi Prezident.






