Avval xabar berganimizdek, ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida sog`liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazilmoqda.
Unda viloyat, tuman va shahar hokimlari, hududiy tibbiyot bo`linmalari rahbarlari bir hafta muddatda aprel oyida va yil yakunigacha qiladigan ishlari bo`yicha «yo`l xaritasi»ni ishlab chiqib, aniq rejalari bilan xalqqa murojaat qilishi va tizimda o`zgarish qilishga va`da berishi aytildi.
Qayd etilishicha, ertadan boshlab quyidagi rahbarlar hududlarda qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini oxiriga etkazishga shaxsan mas`ul bo`ladi.
- Bosh vazir o`rinbosari B.Musaev — Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlariga;
- Sog`liqni saqlash vaziri A.Hojiboev — Toshkent viloyati va Toshkent shahriga;
- vazirning birinchi o`rinbosari A.Inoyatov — Qoraqalpog`iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlariga;
- vazir o`rinbosari E.Bositxanova — Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlariga;
- Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.Yusupaliev — Jizzax va Navoiy viloyatlariga;
- vazir o`rinbosari A.Azizov — Samarqand, Sirdaryo viloyatlariga biriktirildi.
Ushbu rahbarlar viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga 1 mayga qadar Sirdaryo viloyati hamda 26 ta tuman va shahar tajribasini respublikaning barcha hududlarida boshlash kerakligi ta`kidlandi.
Bunda, qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalarini tashkil etib, tibbiy xaritalarni shakllantirish, aholini 4 ta xavf guruhiga ajratib, manzilli ko`rikdan o`tkazish va davolash ishlarini tashkil qilish zarurligi qayd etildi.






