AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Adliya vazirligi mas`ul xodimi Zafar Rahmonov hafta davomida qabul qilingan huquqiy hujjatlar haqida ma`lumot berdi.
“Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” Prezident qaroriga ko`ra, 2021 yil 1 apreldan:
- aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining kredit olish uchun arizalari Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari yagona elektron platformasi orqali qabul qilinadi;
- kredit olishda talabgorlarga “Agrobank” ATB, AT Xalq banki va “Mikrokreditbank” ATBlar orasidan birini ixtiyoriy tanlab, barcha dasturlar doirasida imtiyozli kredit olish bo`yicha murojaat etish imkoniyati yaratildi;
- kredit oluvchi tanlagan mahsulot etkazib beruvchi tashkilot tomonidan mahsulotlar etkazib berilgandan so`ng, kredit mablag`lari ta`minotchiga ajratib beradi;
- o`zini o`zi band qiladigan fuqarolarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xomashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so`mgacha miqdorida kredit mablag`lari naqd pulda berilishi mumkin;
“Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarga ajratilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini monitoring qilish mas`uliyati tijorat banklari bilan birga mos ravishda tuman (shahar) mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limlari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo`limlari hamda sektor rahbarlari, shuningdek, mahalla fuqarolar yig`ini raislari zimmasiga yuklatildi.
️Qayd etilishicha, O`zbekiston hududida ekishga tavsiya qilingan qishloq xo`jaligi ekinlari davlat reestrini yuritish tartibi to`g`risidagi Nizom tasdiqlandi.
Shuningdek, qaror bilan qishloq xo`jaligi ekinlari navlarini sinash bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning Ma`muriy reglamenti tasdiqlandi
Unga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarga ekinlar navlarini Davlat reestrida ro`yxatdan o`tkazganlik to`g`risida 3 yil muddatga guvohnoma beriladi.
Davlat reestri yagona nusxada yuritiladi hamda undagi ma`lumotlar Markazning veb-saytiga joylashtiriladi hamda jismoniy va yuridik shaxslar tanishishi uchun ochiq hisoblanadi.