Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida maktab o`quvchilari o`rtasida janjal aks etgan videolavha tarqaldi.
Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati hokimligi rasmiy saytida munosabat e`lon qilindi. Ma`lum qilinishicha, maktab o`quvchilari o`rtasida bo`lgan mazkur janjal Mirzaobod tumani 5-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi hovlisida sodir bo`lgan.
Joriy yilning 25 yanvarida umumiy o`rta ta`lim maktabining 9-sinf o`quvchilari G.P. (qiz bola) va R.M. (qiz bola) ning o`zaro kelishmovchilik oqibatida tortishuvi janjalga sabab bo`lgan. Bu vaqtda janjallashayotgan o`quvchi qizlarni shu sinf o`quvchisi K.Z. (o`g`il bola) tomonidan telefon kamerasida videotasvirga olingan hamda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan.
Mazkur holatda ikki o`quvchiga ham tan jarohatlari etmagan. Viloyat hokimligi, xalq ta`limi va ichki ishlar boshqarmasi mas`ullari, maktab rahbariyati, o`quvchilar va ularning ota-onalari ishtirokida ko`ngilsiz holat tanqidiy-tahliliy ruhda o`rganib chiqilgan. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ikki o`quvchi o`zaro yarashuvga qo`l uzatishgan.
Shuningdek, maktab ma`muriyati tomonidan o`quvchilarning ta`lim-tarbiyasi va xulq-atvori doimiy nazoratga olingan.
Shu bilan birga, maktabda tarbiya jarayoni to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi, o`quvchilarni maktabdan tashqari band qilish ishlarida kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, maktab direktori va direktorning ma`naviyat masalalari bo`yicha o`rinbosariga tegishlicha intizomiy chora qo`llanilgan.
O`quvchilarning ota-onalari farzand tarbiyasidagi o`z majburiyatlarni etarli darajada bajarmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq jarimaga tortilgan.






