AsosiyJamiyat

Bosh prokuraturada “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar ijrosini samarali tashkil etishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi

'Bosh prokuraturada “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar ijrosini samarali tashkil etishga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi'ning rasmi

Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 24 mart kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar ijrosini samarali tashkil etish, ajratilgan mablag`lardan oqilona va maqsadli foydalanishni ta`minlash, talon - toroj qilish holatlarini oldini olish bo`yicha aniq topshiriqlar berildi.

Shunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Perezidentining 02.04.2021 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora - tadbirlar to`g`risida” PQ - 5048 – sonli Qarori qabul qilindi.

Joriy yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar doirasida 206 ta tuman va shaharlarning 8 mingga yaqin qishloq va mahallalarida aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 21 trln. so`m mablag` ajratilmoqda.

Ajratilayotgan pul mablag`larini manzilli va samarali ishlatilishini ta`minlash, talon -torojliklarni oldini olish maqsadida Qo`shma farmoyish bilan Bosh prokuror o`rinbosari rahbarligida respublika Shtabi, viloyat va tuman - shaharlarda prokurorlar rahbarligida alohida Ishchi guruhlar tashkil etildi. 

Bugun Bosh prokuror o`rinbosari Akmalxo`ja Mavlonov boshchiligida bo`lib o`tgan yig`ilish mazkur masalaga bag`ishlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar qildi.

Yig`ilishda qayd etilgan qaror bilan belgilangan vazifalarni to`g`ri tashkil etish, barcha vazirlik va idoralar bir bo`lib, har bir ob`ekt bo`yicha tizimli nazoratni ta`minlash masalalari muhokama qilindi.

Qayd qilinishicha, har bir ob`ektga qurilish, ta`mirlash va obodonlashtirish ishlarining borishini kunlik o`rganish uchun prokuratura va departament xodimlari biriktirildi.

Hududiy ishchi guruhlar faoliyatini to`g`ri tashkil etish va nazorat qilish uchun har bir viloyatga Bosh prokuratura boshqarma boshliqlari jalb etildi.

Biriktirilgan barcha mas`ullar har bir loyiha bo`yicha er ajratilishidan tortib, to ob`ekt foydalanishga topshirilgunga qadar barcha jarayonda shaxsan ishtirok etadi va kunlik nazoratni o`rnatib, qurilishlarni o`z vaqtida va sifatli bajarilishi, byudjet pulini manzilli ishlatilishini ta`minlaydi.

Qurilishning barcha bosqichlarini onlayn kuzatib borish maqsadida Bosh prokuraturada dasturlar ijrosi yuzasidan onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron dasturiy ta`minot yaratilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar