AsosiyJamiyat

Milliy palata bo`lajak stomatologlar uchun Kanada vebinarida ishtirok etishni tashkillashtirdi

'Milliy palata bo`lajak stomatologlar uchun Kanada vebinarida ishtirok etishni tashkillashtirdi'ning rasmi

O`zbekistonning 20 nafar talaba-stomatologlari 30 martda Kanadaning eng obro`li universitetlaridan biri Dalhousie University tomonidan kanadalik dantistlar uchun o`tkazilgan vebinarda ishtirok etdi. Ularga bunday imkoniyatni O`zbekiston Respublikasi Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasi yaratib berdi, deya xabar bermoqda palata matbuot xizmati.

Bu Milliy palataning mamlakatimiz Sog`liqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribani, O`zbekiston shifokorlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini olib kirish bo`yicha dasturini amalga oshirishda yana bir qadam bo`ldi. 

Bo`lajak mutaxassislarning tegishli sertifikat olish sharti bilan onlayn o`quvda ishtiroki haqidagi kelishuv bundan bir necha kun avval Milliy palata va Dalhousie University o`rtasida bo`lib o`tgan muzokaralarning navbatdagi raundida qo`lga kiritilgan edi. 

 

Milliy palata va Kanada universitetining hamkorlik darajasini inobatga olgan holda, Kanada dantistlari uchun o`tkazilgan mazkur kurs tashkilotchilari O`zbekistonning 20 nafar bo`lajak stomatologlariga bepul ishtirok etish imkonini yaratib berdi. 

Olingan yangi bilimlar shuningdek, Kanadaning ta`lim kurslari darajasini amalda baholashga yordam berdi. Vebinarni Dalhousie Universityning stomatologiya fakulteti professori Nader Xamdan olib bordi. 

Toshkent davlat stomatologiya institutining bakalavriat va magistratura talabalari dental iplantantlar atrofidagi yumshoq va qattiq to`qimalarning asoratlari mavzusiga bag`ishlangan onlayn seminarda muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. O`quv yakunida esa talabalar Uzluksiz ta`lim tizimidagi xalqaro talablarga muvofiq sertifikatga, shuningdek  maxsus ajratilgan 2,0 kredit (SES) ga ega bo`ldilar. 

Milliy palata va Dalhousie University vakillari o`rtasidagi muzokaralar davomida ta`kidlanganidek, O`zbekistonda shuningdek, kredit-modul ballar tizimi bosqichma-bosqich joriy etilyapti. Ushbu tizimga asosan yaqin kelajakda shifokorlarni barcha rivojlangan mamlakatlarda amal qilinayotgan sertifikatlash tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, muzokaralar davomida stomatologiya fakulteti menedjeri Ketrin Layl ta`kidlaganidek, lisenziyalash Kanadaning barcha ishlayotgan stomatologlari uchun shart bo`ladi. 

Undan tashqari, u Kanadada stomatologlar uchun har uch yilda albatta malaka oshirish joriy etilganini, va shifokor uchun lisenziya muddatini uzaytirishga asos bo`lib belgilangan muddat oralig`ida 90 soat kredit-modul tizimi bo`yicha o`qish belgilanganligini ta`kidladi. Shunday ekan, mutaxassislar uchun har xil o`quv kurslari zarur. Bunday tizimli malaka oshirish esa zamonaviy bilim olishni va bemorlarni davolash, kasallanishning oldini olishda so`ngi innovasiyani joriy etishni kafolatlaydi.

«Shubhasiz, shifokorlarning, hozirgi holatda — stomatologlarning malakasining doimiy oshirilishidan bizning mamlakatimiz ham manfaatdor. Shundan kelib chiqib, Milliy palata va Dalhousie Universityning stomatologiya fakulteti tomonidan O`zbekiston stomatologlarining Kanada universiteti malaka oshirish kurslarida ishtirok etish masalasini ishlab chiqish, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari va magistrlarini ta`lim bo`yicha vebinarlarga jalb etish va hamkorlikning boshqa bir qator yo`nalishlari haqida kelishuvga erishildi”, — deydi mazkur tizim rahbari Rovshan Izamov. 

Shuni qo`shimcha qilamizki, Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasining stomatologiya sohasi bo`yicha loyihasi, jumladan mazkur davlat tizimining Toshkent davlat stomatologiya instituti bilan hamkorligi haqidagi Memorandumiga asosan amalga oshirilyapti.

    Boshqa yangiliklar