AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Oliy sud Axborot xizmati rahbari Aziz Obidov Er kodeksiga kiritilgan o`zgartirishlar bilan mulkdorlar huquqlari daxlsizligini ta`minlash borasida ma`lumot berdi.
"Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi qonunga muvofiq er uchastkasiga bo`lgan huquqni bekor qiluvchi qoidalar nazarda tutilgan Er kodeksining 36-moddasi to`r¬tinchi qismi hamda 38-moddasi yangi tahrirda bayon etildi.
Bundan ko`zlangan maqsad, birinchi navbatda, er uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qo`yilishiga taqiq belgilashdan iborat.
Qonunga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, tuman, shahar, viloyat hokimlarining hamda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan er uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish huquqi faqatgina to`rtta holatda, ya`ni:
- er uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda;
- er uchastkasi berilgan muddat tugaganda;
- yuridik shaxs tugatilganda;
- xizmatda foydalanish uchun er berishga asos bo`lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo`lganda tugatilishi mumkin.
️ Er egalarining er uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek, er uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish sud tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi pirovardida mulkdorlar huquqlari, ularni asossiz ravishda o`z mulkiga bo`lgan mulk huquqidan mahrum etishdan himoya qilish kafolati mustahkamlandi.
Qolaversa, er uchastkalari olib qo`yilishi munosabati bilan mulkdorlarga etkazilgan zararlarining o`rni davlat tomonidan to`liq qoplanadi.






