AsosiyJamiyat

Xorazmda Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etildi

'Xorazmda Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etildi'ning rasmi

Bugun Xorazm viloyatining Shovot tumanida 45 yildan beri faoliyat yuritib, etuk kadrlar etishtirib kelayotgan Al-Xorazmiy nomli fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Al-Xorazmiy nomli Xalqaro maktab-internatining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi xabar berdi.

Ochilish marosimida maktabning faxriy ustozlari, sobiq bitiruvchilari, ota-onalar, shuningdek Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov, Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov, ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov qatnashib, mamlakatimizda ta`lim sohasida olib borilayotgan islohotlar ahamiyati haqida gapirdilar.

Bundan bir yil avval Prezident Shavkat Mirziyoevning Xorazmga tashrifi chog`ida alohida tilga olib o`tilgan ushbu maktab negizida Xalqaro maktab internat tashkil qilish to`g`risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi. Oradan bir yil o`tib ushbu zamonaviy, innovasion ta`lim dargohi padegoglar jamoasi va o`qituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.  

Ta`kidlash joiz, mazkur maktab iste`dodli yoshlarni tarbiyalash bo`yicha o`ziga xos boy tajribaga va ko`rsatkichlarga ega. Maktabni tamomlagan 3 719 nafar o`quvchidan 3 014 nafari, ya`ni bitiruvchilarning 81 foizi oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirgan. 81 nafar o`quvchilar matematika va fizika fanlaridan respublika olimpiadalarida, 34 nafar o`quvchilar esa xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etgan.

 Maktabdan 105 nafar fan doktori va fan nomzodi etishib chiqqan. Shuningdek maktab bitiruvchilaridan 2 nafari senator, bir nafari Prezident maslahatchisining birinchi o`rinbosari, yana bir nafari vazir,  ikki nafari respublika bank raisi va o`rinbosari, 14 nafari hokim va o`rinbosarlar, 100 nafari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridir.

Ta`kidlash joizki, maktab tashkil etilgan 1976 yildan beri o`tgan  

45 yil ichida biror marta ham kapital ta`mirlanmagan. Endilikda esa qisqa fursatda zamonaviy tipdagi mazkur smart inshoot shinam va ko`rkam ko`rinishda qad rostladi. Maydoni 32 ming kvadrat metr bo`lgan zamonaviy kampusda 7 ta blokdan iborat inshootlar, xususan, o`quv binosi, ma`muriyat, oshxona, 400 o`rinli zamonaviy yotoqxona, mehmonxona, sport zallari hamda dam olish maskanlari joy olgan.

    Boshqa yangiliklar