Ijtimoiy tarmoqlarda Farg`onada ayol sobiq eri va milliy gvardiya xodimi bo`lgan qaynakasi tomonidan dubinka bilan kaltaklangani haqida videoxabar tarqaldi.
Farg`ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan holat o`rganib chiqildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Farg`ona viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2020 yil 22 iyun kuni fuqaro M.A. fuqaro M.N. bilan birgalikda Toshloq tuman Nodira ko`chasida fuqaro U.D. (videolavhadagi jarohatlangan ayol) bilan o`zaro kelishmovchilik sababli janjallashib, bir-birlarini haqorat qilishib, tan jarohati etkazishgan.
Fuqaro M.A. Milliy Gvardiya Farg`ona viloyat boshqarmasi Dinamo Jismoniy tarbiya va sport jamiyati kengashi xodimi bo`lganligi bois, ushbu holat bo`yicha Farg`ona harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilib, u O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasida (engil tan jarohati etkazish) ko`rsatilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ushbu Kodeksning 16-moddasiga (harbiy xizmatchilar va intizom ustavlari tatbiq etiladigan boshqa shaxslarning ma`muriy javobgarligi) muvofiq, intizomiy javobgarlik to`g`risida ish qo`zg`atish haqida qaror qabul qilingan hamda M.A.ga nisbatan tegishli intizomiy ta`sir chorasi ko`rilgan.
Shuningdek, fuqarolar M.N. va U.D.larning harakatlariga Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 41 va 52-moddalari bilan huquqiy baho berish uchun to`plangan materiallar Toshloq tuman IIB huzuridagi tergov bo`linmasiga yuborilgan.
Toshloq tuman IIB huzuridagi tergov bo`linmasi tomonidan o`tkazilgan qo`shimcha tekshiruv yakuniga ko`ra, fuqarolar M.N. va U.D.larga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining yuqoridagi moddalari bilan takroran rasmiylashtirilgan hujjatlar hozirda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshloq tuman sudida ko`rib chiqilmoqda.






