O`zbekistonda 2021–2023 yillarda davlat organlari tomonidan xarid qilinadigan texnikalar uchun jami 1,934 trillion so`m ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida xabar berildi.
Ta`kidlanishicha, Prezident tomonidan 3 aprel, shanba kuni «Davlat organlari va korxonalarini engil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo`jaligi texnikalari bilan ta`minlashga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaror qabul qilindi. Unda davlat organlari va korxonalari tomonidan engil tijorat avtotransport vositalari, maxsus va qishloq xo`jaligi texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilish ko`rsatkichlari tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 2021–2023 yillarda davlat organlari tomonidan jami 2 770 ta texnika xarid qilinadi va ushbu maqsadlar uchun 1,934 trillion so`m ajratiladi. Shuningdek, texnikalar davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilikka muvofiq sotib olinishi keltirib o`tilgan.
Shuningdek, viloyatlarga «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida maxsus texnikalarni xarid qilish uchun hududiy obodonlashtirish boshqarmalariga 2021 yilda qo`shimcha 108,8 milliard so`m mablag` ajratiladi. Shu bilan birga, tuman (shahar)lardagi ichki yo`llar va markaz ko`chalarini ta`mirlash, rekonstruksiya qilish uchun maxsus texnikalar xarid qilinadi. Buning uchun Avtomobil yo`llari qo`mitasiga 2021 yilda qo`shimcha 196,2 milliard so`m mablag` ajratilishi qayd etilgan.