AsosiyJAMIYAT

Navoiyda marixuana yetishtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Hozirda ushbu holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

'Navoiyda marixuana yetishtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi'ning rasmi

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, tumandagi "O‘zbekiston" mahallasi profilaktika inspektori Bahriddin Yoldoshev xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda mahalla hududida shubhali harakatlanayotgan shaxsni payqagan.

Mahalla aholisini yaxshi taniydigan inspektor mazkur fuqaro bilan suhbatlashishga uringan. Biroq sarxush holatda bo‘lgan shaxs xodimning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan uzoqlashishga harakat qilgan.

Shundan so‘ng hodisa joyiga Navbahor tumani ichki ishlar bo‘limining tezkor-tergov guruhi jalb qilingan. Fuqaroni ko‘zdan kechirish jarayonida uning yonidan qog‘ozga o‘ralgan, taxminan 7 gramm marixuanaga o‘xshash modda topilgan.

Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchining yashash manzili ham tekshirilgan. Natijada uning tomorqasida zahriqotil o‘simligini noqonuniy ravishda yetishtirib kelayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, profilaktika inspektorining sergakligi va tezkor harakatlari natijasida mazkur qonunbuzarlikka chek qo‘yilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar