Joriy yilning 15 aprel sanasidan “Uzbekistan Airports” AJ havo kemalariga xizmat ko`rsatish uchun yig`im va tariflarni pasaytirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda Transport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Asosiy yig`im va tariflar o`rtacha 27 foizga pasaytirilib, O`zbekiston Respublikasi aeroportlariga muntazam yo`lovchi reyslarini bajaradigan xorijiy aviakompaniyalar uchun qo`llaniladi.
Pasaytirilgan yig`im va tariflar xalqaro aviasiya ma`lumotnomalarida e`lon qilingan, bu bilan IKAO’ga a`zo bo`lgan 190 dan ortiq mamlakat va AIPdan foydalanuvchi barcha aviakompaniyalar O`zbekiston Respublikasi aeroportlarida qo`llaniladigan tariflar haqidagi ma`lumotlarga ega bo`lishi uchun imkoniyat yaratilgan.
“Qabul qilingan qaror O`zbekiston aeroportlarining raqobatbardoshligini ta`minlash, turizmni rivojlantirish va ishlar samaradorligini rag`batlantirish, aholi uchun havo transportidagi tashishlarni yanada arzon qilish uchun zamin yaratadi”, deydi “Uzbekistan Airports”AJ boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.






