Sobiq sudya va sud xodimlariga oid jinoyat ishi bo`yicha Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov caytimizga ma`lumot berdi.
— Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonoti Bir necha oy muqaddam qator bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida poytaxt ma`muriy sudlarining ayrim sudya va sud xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilganiga oid xabarlar tarqalgandi. Sudyalar oliy kengashi tomonidan, tergovga ta`sir etishi ehtimolidan kelib chiqib, o`sha paytda ularga izoh yoki munosabat bildirish maqsadga muvofiq emas, deb topilgan edi.
Bugun Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida ma`lum qiladiki, jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudida sobiq sudyalar, sud xodimlari va boshqa sudlanuvchilarga nisbatan hukm o`qildi.
Jinoyat ishi doirasida 13 nafar shaxs sudlanuvchi sifatida jalb etilgan bo`lib, ularning 3 nafari sobiq sudya, 3 nafari sobiq sudya yordamchilari, 7 nafari Toshkent shahar IIBB YXHB sobiq xodimlaridir.
Sud hukmiga ko`ra, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari (juda ko`p miqdordagi o`zganing mulkini uyushgan guruh tomonidan o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari (mansab soxtakorligi) va 227-moddasi 2-qismining “a” bandi ( o`ta muhim ahamiyatga ega bo`lgan hujjatlarni egallash, nobud qilish, ularga shikast etkazish yoki ularni yashirish) bilan aybli deb topildi va tegishli jazolar tayinlandi.
Hukm chiqarishda dastlabki tergov davrida aniqlangan 3 353 456 647 so`m zarardan 2 991 456 647 so`m qoplangani e`tiborga olingan (avval tarqatilgan xabarlarda zarar miqdori 8 mlrd. so`mdan ko`p ekaniga urg`u berilgan).
Ayni paytda sudlanuvchilarning shaxsi va jinoyat ishi tafsilotlari ochiqlanishi maqsadga muvofiq emas. Chunki, hukm qonuniy kuchga kirmagan. Qonuniy kuchga kirmagan hukm bo`yicha sudlanuvchilarning shaxsi va ish tafsilotlarini ochiqlash aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga zid hisoblanadi. Hukmga nisbatan sudlanuvchilar tomonidan apellasiya shikoyati berilgan.
Pirovardida, Kengash matbuot xizmati ushbu sobiq sudyalar faoliyati (jinoyat ishi qo`zg`atilishiga qadar) o`rganilib, yo`l qo`ygan jiddiy xato va kamchiliklari uchun Sudyalar oliy kengashi tomonidan vazifasidan ozod etilganini alohida qayd etadi.






