Bugun, 5 aprel kuni Toshkent viloyati hokimligida Senat raisi Tanzila Norboeva raisligida videoselektor yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi ma`lum qildi.
Ma`lumot uchun, Tanzila Norboeva 30 mart - 4 aprel kunlari Toshkent viloyatining 7 ta tumaniga tashrif buyurib, xotin-qizlar muammolarini o`rgandi.
Bugungi yig`ilishda Tanzila Norboeva Qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan 50 nafar mansabdor javobgarlikka tortilib, etkazilgan 1 mlrd. so`mlik zarar undirilganini aytib o`tdi:
2020 yil 6 oktyabr kuni o`tkazilgan sayyor yig`ilishda belgilangan vazifalar ham tizimli ravishda bajarilmoqda, – dedi Senat Raisi Tanzila Narbaeva. — Byudjetga jami 445 mlrd. so`m, shundan mahalliy byudjetga 244 mlrd. so`m qo`shimcha daromad manbaalari aniqlanib, 83,2 mlrd. so`m qo`shimcha soliqlar hisoblanishi ta`minlanadi. Mahalliylashtirish bo`yicha 7 ta istiqbolsiz loyihalar 14 ta yangi loyihalar bilan almashtirildi.
Shuningdek, Senat qarori bilan viloyatda ijrosi ta`minlanmagan umumiy qiymati 294,4 mlrd. so`mlik 12 ta loyiha ishga tushirilishiga erishildi. Mahalliy byudjetdan maqsadli va samarali foydalanishda qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan 50 nafar mansabdor javobgarlikka tortilib, ular tomonidan etkazilgan 1 mlrd. so`mlik zarar undirildi. Byudjetga esa 22 mlrd. so`m miqdoridagi soliqlar to`lanishiga erishildi.
Tanzila Norboeva videoselektr davomida Chinoz tumanidagi muammolarga alohida to`xtalib o`tdi:
Chinoz tumani hokimi "Ayollar daftari"ning yuritilishiga umuman e`tibor qaratmagan. "Xumo", "Xo`ja" mahallalaridagi vaziyat bu boradagi ishlarga yaqqol misoldir. Tibbiy xizmat qoniqarli darajada emas. Tibbiy yordamga muhtoj 1 397 nafar ayol tibbiy ko`rikdan o`tkazilmagan.
Tumandagi "Xumo" mahallasida istiqomat qiluvchi Jo`raeva, voyaga etmagan ikkita bolasi bor, qaramog`ida nogiron otasi bo`la turib, avariya holatdagi barak uyda yashayapti. Hududdagi MFY tomonidan uy-joyga muhtojligi borasida ko`p marta tuman hokimligiga murojaat qilingan bo`lsa-da, amaliy yordam berilmagan.






