“Kambag`al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o`qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shtimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi
Qarorga ko`ra, 2021 yil 10 apreldan:
- Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi MChJ Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi davlat muassasasi etib qayta tashkil etiladi;
- Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.
️ Qarorga muvofiq:
- jamoat ishlarida ishtirok etayotgan va bandlikni rag`batlantiruvchi subsidiyalar ajratilayotgan fuqarolarning biometrik avtorizasiya hamda GPS-trekking tizimlari joriy etiladi;
- mehnat organlariga murojaat etayotgan, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar, chet eldan qaytib kelayotgan mehnat migrantlarini mehnat bozoriga moslashtirish maqsadida autsorsing shartlarida psixologik mutaxassislar jalb etiladi.
Hududda vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatga olingan hamda vaqtincha yashash joyiga ega bo`lgan fuqarolar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro`yxatga olinishi mumkin.
2021 yil 1 mayga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida aholi bandligiga ko`maklashish markazlari faoliyatini videokuzatuv kameralari va abkm.mehnat.uz tizimi orqali doimiy nazorat qilish imkonini beruvchi Situasion tezkor markaz tashkil etiladi.
Qaror bilan shuningdek, “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo`yicha nodavlat ta`lim tashkilotlari o`rtasida ochiq tanlov o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.






