«Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident farmoni imzolangani va unga asosan yangi Turizm va sport vazirligi tashkil etilgani haqida avval xabar bergan edik.
Mazkur farmonga binoan, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti, uning hududiy boshqarmalari hamda O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi negizida Turizm va sport vazirligi huzurida Madaniy meros agentligi hamda uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.
Madaniyat vazirligining hududiy madaniyat boshqarmalari tuzilmalaridagi moddiy madaniy meros ob`ektlaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilish bo`limlari tugatildi va ularning shtat birliklari tegishliligicha Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalariga o`tkazildi.
Madaniyat vazirligi tizimidagi davlat muzeylari, muzey qo`riqxonalar va uy muzeylari, moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari va “Moziydan sado” jurnali mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan to`liq hajmda, moliyalashtirish, mehnatga haq to`lash va moddiy rag`batlantirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Madaniy meros agentligiga o`tkazildi.
2021 yilda va kelgusi yillarda Madaniyat vazirligiga Davlat byudjetidan madaniy meros ob`ektlarini restavrasiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar xarajatlari uchun ajratiladigan mablag`lar endilikda Turizm va sport vazirligiga ajratiladi.
Davlat byudjeti mablag`lari hisobiga moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlarini asrashga doir ishlarni amalga oshirish bo`yicha Madaniy meros agentligi buyurtmachi hisoblanadi.
Madaniy meros agentligi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo`yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.






