“Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi
Qarorga ko`ra, Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros sohasidagi YuNESKO bilan ishlash hamda muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish bilan bog`liq vazifa va funksiyalari tegishliligicha Turizm va sport vazirligi hamda Madaniy meros agentligiga o`tkazildi.
Turizm va sport vazirligiga ishga qabul qilish Bosh vazir o`rinbosari – turizm va sport vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi.
Qarorga ko`ra, 2021/2022 o`quv yilidan:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros ob`ektlarini asrash fakultetlari;
Buxoro arxitektura va qurilish kollejida Madaniy meros ob`ektlarini asrash yo`nalishi ochiladi.
Shuningdek, Turizm va sport vazirligi ta`sischiligida “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o`tkazish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.
2021 yil davomida moddiy madaniy meros ob`ektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish ob`ektlarida elektron to`lov, turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o`rnatishni, kirish biletlarini oldindan sotib olishni nazarda tutuvchi yagona markazlashgan elektron tizim joriy etiladi.
2021 yil 1 sentyabrga qadar mazkur tizim namuna sifatida Samarqand shahrida yo`lga qo`yiladi.
Bundan tashqari, hududlarda uzoq yillar davomida shakllangan me`morchilik maktablarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Madaniy meros ob`ektlari restavrasiyasi direksiyasi” va bosqichma-bosqich ravishda uning mintaqaviy restavrasiya markazlari tashkil etiladi.






