Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston va Turkiya davlatlaridagi mehnat migrantlari qonuniy huquq va manfaatlari yuridik xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar orqali himoya qilinishi haqida eslatib o`tdi.
Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston va Turkiya davlatlarida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ushbu mamlakatdagi yuridik xizmat ko`rsatuvchi tashkilotlar bilan hamkorlik bitimlarini imzolagan.
Ushbu bitimlarga muvofiq quyidagi hollarda huquqiy himoya qilish ko`zda tutilgan:
- mehnatga haq to`lash tartibi bo`yicha – ish beruvchi tomonidan hujjat bilan tasdiqlangan qarzdorliklarni undirishga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish;
- mehnat majburiyatlarini bajarish vaqtida mehnat migrantining sog`lig`iga etkazilgan zarar uchun ish beruvchi tomonidan moddiy va ma`naviy zararlarni qoplashga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
- ishchining mehnat vazifalarini bajarish jarayonida vafot etishi oqibatida etkazilgan zararni qoplash yoki mehnat vazifalarini bajarishda sog`lig`iga etkazilgan zarar uchun moddiy to`lovlarni undirish yuzasidan sug`urta polisi yoki Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston va Turkiya davlatlarining vakolatli jamg`armalari mablag`lari hisobidan sug`urta to`lovlariga oid da`volarni sudgacha bo`lgan tartibda yoki sud tartibida hal qilish masalalari;
- Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston va Turkiya davlatlaridan ma`muriy chiqarib yuborish to`g`risida noqonuniy qabul qilingan sud qarorlarini bekor qilish yuzasidan appelyasiya va kassasiya tartibida shikoyat kiritish borasidagi yuridik harakatlar.






