AsosiyJamiyat

Prezident matbuot kotibi vazirlik va idoralar matbuot kotiblari bilan uchrashdi

'Prezident matbuot kotibi vazirlik va idoralar matbuot kotiblari bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari bilan ochiq muloqot o`tkazdi. Bu haqda Sherzod Asadov o`zining fasebook sahifasida xabar berdi. 
Uchrashuvda matbuot xizmatlari faoliyati, ularning jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi darajasi tahlil qilindi.
Keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi - davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangan bo`lib, ularga keng vakolat va imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi. 

Endilikda ularning faoliyatini yanada takomillashtirish, o`zlari ishlayotgan tashkilotning ochiqligini ta`minlash va islohotlar natijasini aholiga etkazishdagi rolini kuchaytirish zarurligi ta`kidlandi. Shu bilan birga, ayrim vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari sust ishlayotgani ko`rsatib o`tildi. 

"Ayrim tanqidlar, savollar ochiq qolayapti. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan tanqidiy materiallarga tezkor munosabat bildirish, aholiga to`liq axborot berish shart. Bu bo`yicha katta ishlarni amalga oshirishimiz, hamkorlik vertikalini yaratishimiz kerak. Buning uchun Prezident matbuot xizmati doimo ochiq", – dedi Sherzod Asadov.

Prezident matbuot kotibi bilan davlat idoralari matbuot kotiblari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aloqani yo`lga qo`yish mexanizmi kelishib olindi. 
Ochiq muloqotda matbuot kotiblari o`z fikr va mulohazalarini bildirdi. Sherzod Asadov ularning savollariga javob berdi.

Boshqa yangiliklar