AsosiyJamiyat

Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

'Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimi takomillashtiriladi'ning rasmi

“Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori  qabul qilindi.

 Qaror bilan Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar bo`yicha professional o`qitish markaziga qo`shimcha vazifalar yuklatildi.

Markaz, jumladan:

  •  xalq ta`limi, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma`lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlaydi;
  •  nizolarni sudgacha muqobil hal qilish mexanizmi sifatida mediasiya institutida samarali faoliyat yuritadigan mediatorlarni tayyorlaydi.

 Qarorga ko`ra, 2030 yil 1 yanvardan xalq ta`limi, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalarida yuridik fanlardan faqat oliy yuridik ma`lumotga ega bo`lgan yoki Markazda pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tugatgan va belgilangan namunadagi diplomni olgan oliy ma`lumotli shaxslar dars berish huquqiga ega bo`ladi.  

 Shuningdek, kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, diplom olgan shaxslar davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati bilan bir qatorda FHDYo organlarida ishlashi mumkin.  

 Qarorga muvofiq, Xalq ta`limi, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalarida yuridik fanlardan dars beradigan, oliy noyuridik ma`lumotga ega pedagog kadrlarni qayta tayyorlash kurslari to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.  

 Unga ko`ra, kasbiy qayta tayyorlash kurslarida o`qish masofaviy ta`lim shaklida davlat va rus tillarida amalga oshiriladi.

  •  Kurslarda o`qish xarajatlari TDYuU Kengashi tomonidan belgilanadi hamda shartnomaga muvofiq to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
  • Mazkur kurslarda o`qish ikkinchi oliy ma`lumot olish hisoblanmaydi.  
  •  Oliy ma`lumotga ega bo`lmagan pedagog kadrlar kurslarga qabul qilinmaydi.
  •  Kurslarda o`quv jarayoni 18 haftani tashkil etadi.
  •  Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar – xalq ta`limi tizimi pedagog kadrlari besh yil davomida, o`rta maxsus va professional ta`lim tizimi pedagog kadrlari uch yil davomida belgilangan davriylikka muvofiq malaka oshirishdan ozod etiladi.

 

    Boshqa yangiliklar