Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoev tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini ta`minlash dasturi ijrosi bo`yicha ustuvor vazifalar bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazmoqda. “Darakchi” muxbirining yig`ilishdan xabar qilishicha, davlat rahbari deyarli barcha viloyat rahbarlari faoliyatiga tanqidiy baho berdi.
“Hamma hudud va sektor rahbarlari bir haqiqatni tushunib olishlari shart. Yangi ish o`rinlari yaratish, aholi daromadi va xarid qobiliyatini oshirish uchun, hududiy va yalpi ichki mahsulot barqaror o`sishini ta`minlash, barchamizning eng ustuvor vazifamizdir. Bu ishlarni, albatta tadbirkorlar amalga oshiradi. Shu bois, biz qanchalik ko`p mablag` berganimiz, shart-sharoitlar yaratganimiz bilan, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari dunyoqarashini o`zgartirib, tadbirkor bilan do`st bo`lib, yangicha ishlamasa, natija va samara bo`lmaydi”, dedi Prezident.
Ma`lum qilinishicha, o`tgan yilda kichik biznes sub`ektlariga jami 120 trillion so`mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratilgan bo`lsa, shundan 86 trillion so`mlik kredit ajratilgan, 21 trillion so`mlik kredit to`lovi kechiktirilgan, 12 trillion so`mlik subsidiya va soliq imtiyozlari berilgan.
Natijada, pandemiyadan zarar ko`rgan 104 mingdan ortiq korxonalar faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o`tgan yilga nisbatan 33 foizga o`sdi.
Elektr energiyaning ulgurji iste`moli o`tgan yil 1-choragiga nisbatan 7 foizga (900 million kilovattga ko`p), birjadagi savdolar 46 foizga oshgani (15 trillion so`m) ham, tadbirkorlikni ancha faollashganini ko`rsatadi. Joriy yil birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etildi. Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar o`tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga (25,6 trillion so`m berilgan) o`sdi.
Shuningdek, quyidagi kamchiliklar keltirib o`tildi:
- Salohiyati yuqori bo`lgan Qashqadaryo viloyatida kichik biznes ishlab chiqargan sanoat mahsulotlari hajmi aholi jon boshiga atigi 1,9 million so`mga to`g`ri kelib, bu – respublika ko`rsatkichidan 2 baravar past (3,5 million so`m). Qashqadaryoda aholi jon boshiga yillik xizmat ko`rsatish hajmi, 3 million so`mdan oshmagan yoki boshqalardan 2 baravar kam.
- Ushbu viloyatda har ming nafar aholiga to`g`ri keladigan kichik biznes sub`ektlari soni atigi 4 ta, ularda ishlovchilar soni 16 nafardan iborat (respublikada har ming aholiga 6 ta tadbirkorlik sub`ekti va ularda ishlovchilar soni 30 tani tashkil qiladi).
- Navoiy viloyatidagi 7 mingdan ortiq tadbirkorlar (24 foiz) muammolar echilmayotgani, ular faoliyatiga to`sqinliklar bo`layotgani haqida murojaat qilgan. Bu – hududlar ichida eng salbiy ko`rsatkich.
- Navoiydagi jami 10 ta kichik sanoat zonasining 72 gektar yoki 66 foiz eriga birorta loyiha joylashtirilmagan. Navoiyda har bir kichik biznes sub`ekti tomonidan yiliga 1 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarilib, soliq tushumi 30 million so`mni tashkil etgan (Andijon, Jizzax, Samarqandda yiliga 2 milliard so`mlik mahsulot, 50 million so`m soliq tushumi).
- O`rtacha bitta kichik biznes sub`ektidan tushayotgan soliq tushumi Sirdaryo, Buxoro va Surxondaryoda – 40 million so`mni tashkil qilib, respublika ko`rsatkichidan 1,5 baravar kam.
- Davlat tomonidan berilgan har 1 milliard so`m moliyaviy ko`mak hisobiga Buxoroda – 35 ta, Andijonda – 27 ta, Surxondaryoda – 23 ta ish o`rni yaratilgan bo`lsa, Navoiyda – bor-yo`g`i 15 ta.
- Hududiy dasturlar doirasida 2 mingta loyihaga kredit to`liq ajratilgan bo`lsada (2018-2020 yillarda 11 trillion so`m), ular ishga tushmagan.
Ularning asosiy qismi Namangan (309 ta), Surxondaryo (293 ta), Qashqadaryo (280 ta), Xorazmga (268 ta) to`g`ri keladi.
Shu sababli, Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o`rinbosari Bo`taev, soliq boshqarmasi boshlig`i Bozorov, markaziy bank rahbari Rajabov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o`rinbosari Xasanov, markaziy bank rahbari Saidov va soliq boshqarmasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari Muxammadievlar lavozimidan ozod etiladi.
Z.Mirzaev, viloyat prokurori Tojiev, ichki ishlar boshlig`i Sotvoldievga;
Tursunov va viloyat prokurori Ahmedovga “hayfsan” berildi.
“Qat`iy ogohlantirish, chorak yakunigacha o`zgarish bo`lmasa, barchasi ishdan ketadi. Navoiy viloyati ichki ishlar boshlig`i Tasbaev va soliq rahbari Botiralievlar lavozimiga joriy yil mart oyida tayinlanganini inobatga olib, ularga 3 oy sinov muddati. Ushbu yangi rahbarlar ham natija ko`rsatmasa, lavozimidan olinadi. Shu bilan birga, Ulug`nor, Uzun, Yozyovon, Dehqonobod tumanlari hokimlarining birinchi o`rinbosarlari, Andijon, Oltinko`l, Olot, Qorako`l, Oqoltin, Chilonzor, Mo`ynoq tumanlari, Xiva va Chirchiq shaharlari soliq idoralari boshliqlari ham lavozimidan bo`shatiladi. Bundan tashqari, Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emas.Shu sababli, Markaziy bank raisining birinchi o`rinbosari Zoxidovga “hayfsan” beriladi. Agar 2 oy ichida ish uslubida o`zgarish bo`lmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus ko`rsatmasa, uni ham ishdan olaman”, dedi Prezident.