Ijtimoiy tarmoqlarda “Qorako`lchilik” uyushmasi boshqaruv raisining matbuot kotibi Dilshod Istamovning Effect.uz sayti xodimi A`zam Xo`jaqulov bilan telefon orqali muloqotining audiosi tarqalib ketgan edi. Audio yozuvi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan o`rganib chiqildi.
Agentlik bo`lib o`tgan muloqotda matbuot kotibi o`zini noprofessional hamda etika me`yorlariga zid tutgan, deya baholaydi. Shu bilan birga, matbuot kotibi tomonidan AOKA to`g`risida noto`g`ri ma`lumot berilganini ma`lum qiladi. Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PQ-4366-son Qarorida ommaviy axborot vositalarining faoliyati uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat o`rtasida sifatli muloqotni yo`lga qo`yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to`liq axborot etkazish, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlarining asosiy vazifasi etib belgilangan.
“Qorako`lchilik” uyushmasi boshqaruv raisining matbuot kotibi Dilshod Istamov Effect.uz sayti xodimini haqorat qilganligi bu juda achinarli holat bo`lib, haqorat qilganlik uchun qonunchilikda o`rnatilgan tartibda jazo belgilanganini unutmaslik kerak.
Ta`kidlash joizki, AOKA uchun matbuot kotiblari faoliyatini muvofiqlashtirish jarayonida axborot xizmatlarining OAV va blogerlarga ochiqligini ta`minlash, ular orasida konstruktiv muloqotni tashkil etish masalalari bosh mezon hisoblanadi.
Shu o`rinda tashkilot va idoralarning matbuot kotiblariga OAV, xususan, Effect.uz sayti xodimlariga qaysidir masalada izoh bermaslik borasida og`zaki yoki yozma ravishda ko`rsatma berilmaganini ma`lum qilamiz.
AOKA barcha darajadagi matbuot kotiblari jurnalist va blogerlar bilan muntazam ravishda yaqin hamkorlik asosida faoliyat ko`rsatishi tarafdori.
Qayd etish joizki, mazkur holatda Effect.uz sayti muxbiri ham qonun talabiga rioya etmagan.
Xususan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida”gi qonun (6-modda)ga muvofiq, jurnalist o`z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma`lumotlarni e`lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Agentlik, o`z o`rnida, barcha axborot xizmati vakillarini OAV hamda jamoatchilik bilan muntazam muloqot asosida shaffof ishlashga, jurnalist va blogerlarni esa sohaga oid qonunchilikka muvofiq faoliyat ko`rsatishga chaqiradi. Matbuot kotiblari hamda OAV va blogerlar o`rtasidagi hamkorlik esa mavjud muammolarni konstruktiv hal etish, jamoatchilikka muhim masalalarning o`z vaqtida va xolis etkazilishiga xizmat qiladi, deyiladi rasmiy bayonotda.






