Payariq tumanida suv inshooti va tarmog`ini rekonstruksiya qilishdagi talon-torojlik aniqlangan. Bu haqda Prokuratura departamenti xabar qildi.
Ma`lum bo`lishicha, H.Q. MChJ rahbari va boshqalar Uymovut MFY hududidagi toza ichimlik suv inshooti va tarmog`ini rekonstruksiya qilish ishlari bo`yicha tuzilgan hujjatlarga soxta ma`lumotlarni kiritish orqali amalda bajarilmagan ishlarni qo`shib yozib, 134,5 million so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilganliklari Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo`limi tomonidan aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan MChJ rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






