AsosiyJamiyat

Transport vazirligi Toshkent – Moskva yo`nalishidagi aviаqachipta narxlari yuzasidan izoh berdi

'Transport vazirligi Toshkent – Moskva yo`nalishidagi aviаqachipta narxlari yuzasidan izoh berdi'ning rasmi

O`zbekiston Transport vazirligi Toshkent – Moskva yo`nalishidagi muntazam aviqatnovlar va chipta narxlari yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Rossiya Federasiyasi hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish bo`yicha Tezkor shtabining 25 mart kuni o`tkazgan yig`ilishda bir qator mamlkatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq joriy yilning 1 aprel sanasidan e`tiboran Rossiya Federasiyasi hamda O`zbekiston Respublikasi o`rtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.

Ikki mamlakat aviasiya ma`muriyatlari o`rtasidagi kelishuvga binoan Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi 2021 yil 5 aprel sanasidan har yakshanba kunlariMoskva – Toshkent – Moskva yo`nalishida, “Uzbekistan airways” avikompaniyasi esa  7 aprel sanasidan haftaning har shanba kunlari Toshkent – Moskva – Toshkent yo`nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishdi.

Toshkent Moskva – Toshkent yo`nalishida amalga oshiriladigan muntazam reysga O`zbekistonning barcha fuqarolari va Rossiya hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishi asosida Rossiyaga kirishga cheklov qo`yilmagan O`zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega chet el fuqarolari kiritilishi mumkin.

Ushbu yo`nalish bo`yicha uchish uchun Rossiyaga kelishdan avval 3 kalendar kunidan oshmagan holda PZR-test (rus yoki ingliz tilida) o`tkazish talab qilinadi.

Ayni damda aholi vakillaridan mazkur yo`nalishdagi muntazam  qatnovlarga chiptalarning sotuvda qolmaganligi bilan bog`liq ko`plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu vaziyat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi quyidagilarni ma`lum qiladi.

Aynan Rossiya Federasiyasiga mamlakatimizdan boruvchi yo`lovchilar oqimining haddan tashqari ko`pligi, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli transportning boshqa turlarida qatnovlarning amalga oshirilishiga ruxsat etilmaganligi, aviaqatnovlar sonining ham cheklanganligi talab va taklif o`rtasidagi nomutanosiblikning keskin ortib ketishiga sabab bo`lmoqda.

Pandemiyagacha bo`lgan davrda O`zbekictonning turli hududlaridan Rossiya Federasiyasiga “Uzbekistan airways” avikompaniyasi haftasiga 87 ta reys bajargan bo`lsa, Rossiya aviakompaniyalari mamlakatimizning turli shaharlariga haftasiga 97 reys amalga oshirgan. Faqatgina aviaqatnovlar orqali haftasiga 40 000 dan ortiq yo`lovchilarga xizmat ko`rsatilgan. Bundan tashqari Toshkent – Moskva, Andijon – Moskva, Toshkent – Qozon, Toshkent – Volgograd, Toshkent – Saratov, Toshkent – Novosibirsk, Toshkent – Ufa, Andijon – Ufa yo`nalishlarida muntazam ravishda haftasiga 13 ta poezd qatnovlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga Toshkent – Moskva, Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Qozon, Toshkent – Nijniy Novgorod, Toshkent – Omsk, Toshkent – Novosibirsk yo`nalishlarida haftasiga 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan.

Aynan yuqorida keltirib o`tilgan ko`rsatkichlarning o`zi haftasiga bor yo`g`i bir marotaba amalga oshirilayotgan muntazam aviqatnovlarga chiptalarning nima uchun ayni damda sotuvda qolmaganligiga izoh bo`la olishi mumkin. Turli transport qatnovlaridan foydalangan yo`lovchilarning barchasi hozirda o`rnatilgan cheklov choralari sabab faqatgina aviqatnovlar orqaligina safarni amalga oshirishga majbur bo`lmoqda.

Aviachipta narxlarini sun`iy ravishda oshirib sotish maqsadida Uzbekistan airways kompaniyasi agentlari tomonidan chiptalarni oldindan sotib olinganligi to`g`risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan da`volar esa mutlaqo asossizdir.

"Uzbekistan airways" aviakompaniyasi rahbariyati eng quyi pog`onadagi xodimlardan tortib, yuqori lavozimlardagi rahbarlarning ham aviachipta sotuvlari bilan bog`liq turli-tuman ko`rinishdagi noxolis hatti-harakatlarni sodir etishlariga nisbatan toqatsiz munosabatda ekanligini, chipta sotuvlari bilan bog`liq barcha jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilishi ustidan nazorat o`rnatilganligini ma`lum qiladi.     

"Uzbekistan airways" aviakompaniyasi tomonidan ayni damda Toshkent – Moskva yo`nalishida bajarilayotgan muntazam aviaqatovlar uchun ekonom klass chipta narxi bir tomonga 4 200 000 so`mgacha, biznes klass chipta narxlari esa 10 736 222 so`mgacha sotilmoqda.

Shu o`rinda yo`lovchilardan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun chiptalarni tezlashtirib xarid qilish xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat etmasligini so`rab qolamiz. Chiptada ko`rsatilgan va o`zingiz to`lagan narxni taqqoslashingizni tavsiya etamiz. 

Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasiga O`zbekistonning turli hududlaridan charter qatnovlari amalga oshirilishi to`g`risidagi yolg`on xabarlar tarqatilib, fuqarolarga aldov va tovlamachilik yo`li bilan chiptalar sotuvini tashkil etayotgan guruhlarning faollashgani kuzatilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi fuqarolarimizdan bu kabi yolg`on xabarlarga ishonib, aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida charter reyslarini amalga oshiruvchi avikompaniyalarning parvozni bajarishiga ruxsat etilgani to`g`risidagi ma`lumotlarni Fuqaro aviasiyasi agentligi rasmiy veb-saytidan aniqlashtirib olishlarini tavsiya etadi.

Eslatib o`tamiz, charter reyslari orqali uchish istagida bo`lgan yo`lovchilar RF hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishiga ko`ra, mamlakatga kirish uchun chipta xarid qilishda asos bo`lishi shart!   

Hozirda Transport vazirligi Rossiya Federasiyasining tegishli vazirlik va idoralari bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam aviareyslar sonini ko`paytirish bo`yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Barqaror epidemiologik vaziyat saqlanib turgan taqdirda nafaqat aviaqatnovlarni balki temir yo`l qatnovlarini qayta tiklash bo`yicha barcha choralar ko`rilmoqda.

Fuqarolarimizdan mavjud vaziyatga to`g`ri baho berishlariga umid qilib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis ma`lumotlarga chalg`imasliklarini so`rab qolamiz.  

    Boshqa yangiliklar