Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ota va nabiralarning qo`llarida “Shifokorlar sabab biz onasiz qoldik” degan yozuv bilan qilgan murojaatlari yuzasidan Navoiy viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati o`z munosabatini bildirdi.
"Shu yilning 16 mart kuni Navoiy viloyat perinatal markazi ginekologiya bo`limiga 12 haftalik homilasining nobud bo`lganligi bilan murojaat qilgan Navbahor tumani O`zbekiston MFYda yashovchi, 1985 yilda tug`ilgan O.F “Homiladorlik 4. 14-xafta 4-kun Tug`ruq 3. Rivojlanmay qolgan homila” tashxisi bilan qabul qilingan.
Bemor bo`limda davolash-tashxislash standartlari asosida to`liq tekshiruvlardan o`tkazilib, homilaning uch xaftadan ortiq rivojlanmay qolganligi, umumiy qon tahlilida leykositlar miqdori normadan oshganligi inobatga olinib, septik asoratlarning oldini olish va antibiotiko-profilaktika maqsadida “Seftriakson” dori vositasining 1,0 grami mushak orasiga sinamasidan so`ng in`eksiya o`tkazish tavsiya berilgan.
2021 yil 16 mart kuni soat 17:50 lar atrofida muolaja hamshirasi tomonidan ushbu dori vositasi bilan o`ng bilak sohasiga sinama qo`ygandan keyin to`satdan anafilaktik reaksiya, anafilaktik shok va klinik o`lim holati kuzatilgan. O`tkazilgan tezkor reanimasion chora-tadbirlardan so`ng yurak faoliyati tiklanib, reanimasiya bo`limida uzaytirilgan su`niy nafas berish apparatida intensiv davo muolajalari davom ettirilgan.
Davolash jarayonida 17, 23 va 25 mart kunlari mamlakatimizning malakali anesteziolog va reanimatologlari tomonidan ko`rilib, kerakli tavsiyalar berilgan va buyurilgan tavsiyalar asosida davo muolajalari olib borilgan.
O`tkazilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan 2021 yil 25 mart kuni bemor O.F.da biologik o`lim qayd qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda"






