AsosiySport

Surxondaryoda 75 ta kurashga ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi — To`ra Bobolov

'Surxondaryoda 75 ta kurashga ixtisoslashgan maktab tashkil etiladi — To`ra Bobolov'ning rasmi

Xabaringiz bor, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida kurash bo`yicha Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag`ishlangan an`anaviy XV xalqaro turnir o`tkazilmoqda.

Xalqaro turnirni bevosita kuzatib borish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov hamda Xalqaro Kurash Assosiasiyasi (XKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashining Osiyo o`yinlarini tashkil qilish departamenti direktori Haydar Farmonlar Termiz shahriga etib borishdi va mutasaddilar ishtirokida matbuot anjumani ham o`tkazildi.

«Ajdodlarimizdan bizgacha etib kelgan kurash tarixi 3,5 ming yilga borib taqaladi. Biroq, ushbu milliy sport turi istiqlol yillarida jahonga yuz tutdi. Avvaliga kurashning zamonaviy qoidalari ishlab chiqildi, u milliy xalq o`yinidan sport turi darajasiga ko`tarildi, so`ngra O`zbekiston kurash federasiyasi tashkil etildi. Qolaversa, kurash sportini xalqaro maydonda tanitish yo`lida sa`y-harakatlar boshlab yuborildi. Shu maqsadda mamlakatimizning turli hududlarida tarixiy shaxslar xotirasiga bag`ishlab Xalqaro kurash turnirlarini o`tkazish yo`lga qo`yildi. Bunga Buxoroda Bahovuddin Naqshband, Xivada Pahlavon Mahmud, Shahrisabzda Amir Temur, Termizda esa Al-Hakim At-Termiziy xotirasiga bag`ishlangan turnirlarni misol keltirish mumkin. Bu safargi Xalqaro turnir ham pandemiya bo`lishiga qaramay davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarliklarida o`tkazilmoqda. Bu esa mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish va rivojlantirish, aholining salomatlik darajasini mustahkamlash, qolaversa milliy sport turlarini jahonga olib chiqish va ular vositasida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an`analarimizni keng targ`ib qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligining isbotidir”, - dedi Aziz Abduxakimov.

Shuningdek, matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov ham ishtirok etdi.

“Barchamizga yaxshi ma`lum Surxondaryo azal-azaldan kurashchilar yurti hisoblanadi. Viloyatda mingga yaqin maktablar mavjud. Shulardan, 75 tasini kurashga ixtisoslashgan maktabga aylantirish rejalashtirilgan. Buning uchun esa eng avvalo yangidan tashkil topadigan kurash maktablarini kurash gilamlari bilan ta`minlashimiz lozim. Bundan tashqari, tajribali murabbiylarni jalb etgan holda, moddiy-texnika bazasini ham yaxshilashimiz kerak”, -dedi To`ra Bobolov.

Boshqa yangiliklar