Koronavirusga qarshi emlangan ro`zadorning ro`zasi buziladimi, degan savolga O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati javob berdi.
«Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bugungi kundagi to`rt mazhab ulamolari teri osti, mushaklar orasi yoki yonboshga ukol qilish bilan ro`za buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Chunki ro`zani eb-ichish ma`nosidagi narsalar buzadi. Eb-ichish esa odatiy yo`llar orqali bo`ladi. Teri teshiklaridan yoki noodatiy yo`llardan terining orasiga biror narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda g`usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o`tishi ro`zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.
Bu haqda «Al-Fatovo al-hindiya» kitobida shunday deyiladi:
«Terining orasidan ichkariga yog` kabi narsalarning kirishi ro`zani ochmaydi. «Sharhul Majma»da shunday keltirilgan». Iqtibos tugadi.
Endi aynan koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvolarga binoan ro`zador holda ham uni olish joiz, bu ish ro`zani buzmaydi.
Ramazon oyida emlashga to`g`ri kelishi sababli bu masalada bir qancha fatvo uyushmalari o`z fatvolarini e`lon qilishdi.
Jumladan, Kuvayt vaqf vazirligi, Iordaniya fatvo uyushmasi, Saudiya umumiy muftiysi va katta ulamolar hay`ati raisi Shayx Abdulaziz Oli Shayx, Azhar xalqaro elektron fatvo markazi, «Dorul ifto» (Misr) fatvo markazi ro`zador kishi emlash olishi ro`zani buzmasligiga fatvo berdi. Chunki ro`zani buzuvchi narsalar odatiy yo`llardan kirib, oshqozonga etib boradi. Emlashda esa eb-ichish ma`nosi yo`q va u odatdagi yo`llardan tanaga kirmaydi. Balki noodatiy bo`lgan teri ostidan kirib boradi. Bu ro`zani buzmaydi. Vallohu a`lam», deyiladi javobda.






