Ijtimoiy tarmoqda "Andijonda GAI xodimlari bilan janjal" sarlavhasi ostida tarqalgan video lavha yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi rasmiy ma`lumot berdi.
️Joriy yilning 9 aprel kuni soat 19:30larda, Andijon viloyati IIB YHXB YPX xodimi A.Maxmudov tomonidan Andijon shahar, Cho`lponshoh ko`chasida "Neksiya-3" rusumli avtomobil to`xtatilib tekshirilganda, yon oynalari tegishli ruxsatnomasiz, old oynasi esa tusini o`zgartirish mumkin bo`lmasada tusi o`zgartirilganligi (tonirovka) aniqlangan.
️Belgilangan tartibda bayonnoma rasmiylashtirilishi vaqtida, haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan A.Sh.ning YPX xodimiga ko`rsatgan faol qarshiligi atrofda fuqarolar to`planishiga sabab bo`lgan.
️PPX va Milliy gvardiya xodimlari yordamida yuzaga kelgan nizoli vaziyat bartaraf etilib, o`rnatilgan tartibda ma`muriy bayonnoma tuzilgan va avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
️Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan qo`shimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.






