2021 yil 5 aprel kuni soat 19:00da Namangan shahar, Sohil MFY, Bodomzor ko`chasida yashovchi S.A.Mamadaliev tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda Chortoq tumani, Bag`rikenglik MFY, Olmazor ko`chasi, 88-uyda onasi Mamadalieva Nasiba qaramog`ida bo`lgan voyaga etmagan farzandi Asatillaeva Ma`rifat Solijon qizi shu kuni ertalab 47-sonli umumta`lim maktabiga ketib, qaytib kelmasdan bedarak yo`qolganligini ma`lum qilib, qizini topishda amaliy yordam berishni so`ragan.
Namangan viloyati prokuraturasining bayonotiga ko`ra, mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilib, voyaga etmagan M.Asatillaevaning yashash xonadoni ko`zdan kechirilib, tegishli prosessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shundan so`ng, voyaga etmagan M.S.Asatullaevaning shubhali bedarak yo`qolishida uni qotillik jinoyati qurboni bo`lgan bo`lishi mumkinligini nazarda tutib, 06.04.2021 yilda tuman prokuraturasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 06.04.2021 yilda voyaga etmagan M.Asatullaevaning jasadi Namangan shaxar, Sherbuloq MFY, Sherbuloq ko`chasidan oqib o`tgan “Katta Namangan” kanali ustidan o`tgan ko`prik ostining suv oqimi past bo`lgan qismidan tashqi tan jarohatlarsiz topilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida, voyaga etmagan M.S.Asatullaevani 2021 yil 5 aprel kuni soat 10:30da kelinoyisi 1999 yilda tug`ilgan Qodirjonova Feruza Komiljon qizi maktabdan olib chiqib ketganligi va Chortoq tumani, A.Navoiy MFY, M.Ulug`bek ko`chasidan oqib o`tgan “Katta Namangan kanali”ga olib borib, suvga itarib yuborganligi aniqlangan.
Shunga ko`ra, fuqaro F.K.Qodirjonova 06.04.2021 yilda jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.
Hozirda, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






