“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev topshirig`iga asosan, Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti xodimlari tomonidan Jamiyat tizimidagi korxonalar faoliyati o`rganilmoqda.
“O`zbekneftgaz” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini tizimli ravishda amalga oshirish, xodimlar, fuqarolar va keng jamoatchilik o`rtasida unga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo`yicha keng ko`lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, afsuski o`rganishlar jarayonida tizimda ishchi-xodimlar o`rtasida shaxsiy manfaatlarini ko`zlab xizmat vazifalarini su`istemol qilish holatlari aniqlanmoqda.
Ta`kidlash joizki, joriy yilning mart oyida olib borilgan profilaktik ishlari natijasida Jamiyat obro`siga putur etkazadigan quyidagi kabi salbiy holatlar aniqlandi va o`z navbatida ularni bartaraf etish hamda kelgusida yo`l qo`yilmasligi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, “Maroqand neft baza” MChJ xodimi A.Sh. o`z shaxsiy manfaatlarini ko`zlagan holda yaqin qarindoshlarini aslida ishlamasada, neft bazasi tizimiga ishga rasmiylashtirib, ularga (2017–02.2021 yillarda) jami 116,6 mln so`m ish haqi hisoblab to`lab berilgan. Olib borilgan choralar natijasida ushbu mablag` jamiyat hisobiga qayta tiklandi.
Shuningdek, “Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ ishchi xodimlari B.J.ga 2019–2021 yillar davomida, D. U.ga 2016-2021 yillar davomida haqiqatda ishlamagan bo`lsada, jami 146,0 mln so`m oylik ish haqlari asossiz hisoblab, to`lab berilgan. Hozirda ushbu mablag`lardan 91,0 mln so`mi qaytarildi va qolgan mablag`larni qaytarish choralari ko`rilmoqda.
Sho`rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Beruniy” bolalar sog`lomlashtirish oromgohi mutaxassisi A.P. 2020–2021 yillarda 7 oy davomida haqiqatda ishlamagan bo`lsada, ushbu davrda unga asossiz ravishda jami 26,8 mln so`m ish haqi hisoblangan. Ushbu xodim boshqarmaning tegishli buyrug`i bilan vazifasidan ozod etildi va noo`rin to`langan mablag`larni undirish choralari qo`rilmoqda .
Tizimda olib borilayotgan keng ko`lamdagi nazorat profilaktika ishlari va buning natijasida Jamiyat rahbariyati tomonidan ko`rilayotgan turli huquqiy va intizomiy choralarga qaramasdan ayrim neft bazalari MChJlari moddiy javobgar shaxslar tomonidan jamiyat mulkiga nisbatan xo`jasizlarcha munosabatda bo`lish holatlari xali-xanuz uchramoqda.
Masalan, “Farg`ona neft baza” MChJda jamiyat mas`ullari bilan birgalikda amalga oshirilgan komplaens nazorati jarayonida “Qatortol” va “Alisher Navoiy” FYoTShlarida moddiy javobgar shaxslar zimmasidagi jami 69 279,0 litr, umumiy qiymati 415,5 mln so`mlik neft mahsulotlarining kamomadi aniqlandi. Ushbu holatga belgilangan tartibda tegishli huquqiy baho berilishi va kamomadni undirilishi bo`yicha jarayonlar davom etmoqda.
Xuddi shunday, “To`raqo`rg`on neft bazasi” MChJ Chust filialiga qarashli FYoTShlarda (“O`zbekiston”, “Zarafshon”, “Karkidon” va “Olmos”) o`tkazilgan o`rganishlarda neft mahsulotlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirmasdan va to`lovsiz berib yuborilishi natijasida 66,3 mln so`mlik (11021 litr dizel yoqilg`isi) kamomadga yo`l qo`yilganligi aniqlangan. O`rganish jarayonida mazkur kamomad to`liq qayta tiklandi va filial mas`ullariga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq intizomiy choralar qo`llanildi.
Bundan tashqari, Jamiyatning tizim korxonalariga biriktirilgan komplaens inspektorlari tomonidan o`tkazilayotgan nazorat profilaktika ishlari natijasida pul mablag`larining samarasiz ishlatilishi, tovar-moddiy boyliklarni saqlanishi, manfaatlar to`qnashuvi, xarid jarayonlaridagi ayrim xatoliklar, shuningdek, qarzdorliklarni o`z vaqtida undirmaslik bilan bog`liq boshqa xatoliklar ham aniqlanib o`z vaqtida bartaraf etib kelinmoqda.
“To`raqo`rg`on neft bazasi” MChJda 2020–2021 yillar davomida ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlarni ajratilishi o`rganilganda, aniqlangan jami 185,0 mln so`m ortiqcha to`lovlarning qaytarilishi;
“Sho`rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ yakka tartibda turar-joy qurilishi va uni foydalanishga berilishi haqidagi shartnoma va buxgalteriya birlamchi hujjatlari o`rganilganida, uy-joylar uchun xodimlarga ajratilgan mablag`lardan jami 1 621,4 mln so`m qarzdorligi bo`yicha joriy yilning mart-aprel oylarida 934,9 mln so`m qaytarilishi;
“Andijon neft bazasi” MChJ tomonidan 2020 yil mart-aprel oylari davomida Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasiga noto`g`ri o`tkazilgan 872,2 mln so`m mablag` neft baza hisob raqamiga qaytarilish holatlari shular jumlasidandir.
Ta`kidlash joizki, fuqarolar, tizim korxonalari ishchi-xodimlari va iste`molchi kontragentlar hamkorlik doirasida yuzaga keladigan korrupsion holatlar yoki Jamiyat mas`ullari tomonidan qonunbuzulish va korropsion holatlar sodir etilganda Jamiyat rasmiy sayti, Moliyaviy va komplaens nazorat departamentining compliance@ung.uz elektron manzili hamda @ung_anticorBot telegram botlari ma`lum qilishingiz mumkin. Murojaat, yo`llaganlar shaxsi mutloqo sir saqlanishi kafolatlanadi.
“O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati






