Hukumatning bugun, 12 aprelda qabul qilingan qarori bilan “O`zbekiston fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag`larsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam ko`rsatish tartibi to`g`risida”gi nizom tasdiqlandi
Nizomga ko`ra, konsullik okrugi hududiga vaqtincha kirgan fuqaro yashash uchun mablag`larsiz qolganda, muassasaga moliyaviy yordam so`rab murojaat qilishi mumkin.
Konsullik okrugi – xorijdagi muassasa ish olib boradigan hudud, u bir nechta davlat hududini o`z ichiga olishi mumkin.
Muassasa 2 ish kunida fuqarodan ariza va boshqa hujjatlarni qabul qiladi, arizadagi keltirilgan asoslar to`g`riligini tekshiradi, uning xorijda bo`lish sharoitlarini aniqlaydi (safar maqsadi, viza, yashash sharoiti).
Hujjatlarni o`rganish asosida moliyaviy yordam ko`rsatishning maqsadga muvofiqligi to`g`risida xulosa tayyorlaydi va uni Tashqi ishlar vazirligiga tasdiqlash uchun yuboradi.
Vazirlik 1 ish kunida fuqaroga yordam ko`rsatishga oid hujjatlarni va xulosani ko`rib chiqadi hamda moliyaviy yordam ko`rsatish yoki rad etish to`g`risida xat yuboradi.
Xat olganidan so`ng 1 ish kunida muassasa fuqaro bilan qarz shartnomasini tuzadi. Oziq-ovqat mahsulotlari, turar joy, kiyim-kechak va transport xarajatlari uchun to`lov o`tkazadi.
Ariza rad qilinganda konsullik mansabdor shaxsi ariza beruvchiga rad etish sabablarini ko`rsatgan holda xabarnoma yuboradi.
Qarz olgan fuqaro 30 kunda respublika byudjetiga qarzni qaytaradi.






