AsosiyJamiyat

Masjidlarda taroveh namozi o`qilish vaqti ma`lum qilindi

'Masjidlarda taroveh namozi o`qilish vaqti ma`lum qilindi'ning rasmi

Ramazon oyiga o`zgacha shukuh, surur bag`ishlaydigan, faqatgina bu oyga xos bo`lgan ibodat taroveh namozidir. Ammo ming afsuski o`tgan yili boshimizga kelgan og`ir sinov sababli bir yillik jismu ruhimizga shifo va kuch-quvvat bo`luvchi taroveh namozlarida Qur`oni karimga some` bo`lish baxtidan mosuvo bo`lgandik.

Alhamdulillah, bugundan yurtimizning barcha masjidlarida taroveh namozi, Qur`on xatmlari boshlanadi. Ma`lum bo`lishicha, Toshkent shahri masjidlarida tarovih namozlari kechki soat 21:00 dan boshlanishi belgilangan.  

Bu yil o`tgan yillardan beri sog`inganimiz – taroveh namozlarida Qur`oni karimga some` bo`lamiz. Ramazon kechalarida qoim bo`lish – ulug` ibodat bo`lib, Alloh taolo taqvodor bandalarini sifatlar ekan, ularning kechalarini ibodat bilan o`tkazishlarini alohida zikr qiladi: “(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar” (Zoriyot surasi, 15—19 oyatlar).

Boshqa oyatda Alloh taolo suyukli bandalarini bunday tavsif qiladi: “Ular yana tunlarni Parvardigorga sajda qilgan va tik turgan (bedor) holda o`tkazadigan kishilardir” (Furqon surasi, 64-oyat).

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon (kechalari)da imon bilan (Alloh taoloning unga savob berish va`dasini tasdiqlagan holda) va savob umidida (riyo va unga o`xshash narsa uchun emas, faqat ajrni talab qilib namoz o`qigan holda) tursa oldingi o`tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta Alloh taolo sizlarga Ramazonning ro`zasini farz qildi, men esa sizlarga uning qiyomini sunnat qildim. Bas, kimki imon va ixlos bilan unda ro`za tutsa va qoim bo`lsa, gunohlaridan onasi uni tug`gan kundagidek pok holda chiqadi” (Imom Nasoiy rivoyati).

Ramazon oyining g`animat lahzalarining har bir soniyasidan unumli foydalanishga intilaylik, bir zum ham g`aflatda qolmaylik! Alloh taolo taroveh namozlarimizni, tungi qiyomlarimizni O`z dargohida qabul qilsin, Ramazonni ajru savoblar ila manfaatli yakunlashimizni nasib etsin!

Davron NURMUHAMMAD

    Boshqa yangiliklar