Avvalroq, Qashqadaryoda o`quvchilarga 2 baho qo`ygan o`qituvchi kaltaklani haqida xabar qilgandik. Bugun, 12 aprel kuni Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzaev 100 kilometrlik masofadan, ya`ni Qarshi tumanidan Chiroqchiga qatnab ishlaydigan Shoxnur Oqquziev bilan onlayn rejimda muloqot qildi. «Nasafnews» muxbiri xabariga ko`ra, bu muloqotda viloyat hokimi o`qituvchini kaltaklagan «zo`ravon»lar ishini keskin qoralagan.
«Tarqalgan xabarlarni o`qidim. Biz bu holatni huquq-targ`ibot idoralariga aytdik. Baribir oxiriga etadi. Jarayon mening o`zimni nazoratimda. Siz qishloqqa ziyo tarqatishga borgansiz. Albatta buni qadriga etgan odam etadi. Qadriga etmagan odam baribir o`zini farzandiga o`zining avlodi kelajagiga jabr qiladi. Sizga o`xshab farzandini til bilishini xohlagan odam unday ish qilmasligi kerak. Bu judayam axloqsizlik, men juda yomon baholayman bu holatni»,- deydi Zoyir Mirzaev.

Hokim muloqot davomida Chiroqchidagi faollar, deputatlar mazkur masalaga o`z munosabatini bildirmagani va e`tiborsiz qarashgani haqida ham gapirib, endi o`qituvchini shaxsan o`zi qo`llab-quvvatlashini ma`lum qildi.
Uning plastik kartasiga uzoq hududga qatnab ishlayotgani tufayli yo`lkira haqi uchun 10 mln so`m pul o`tkazib berilishini aytdi.
Muloqot davomida Shoxnur Oqquzievning onasi Inobat Qurbonova bilan ham suhbat tashkil qilindi. Hokim o`qituvchining onasidan oilaning sharoiti haqida so`radi.






