Ma`lumki, yurtimizda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari ramazon oyiga to`g`ri kelmoqda. Fuqarolarda esa ro`za tutgan holda ham emlanish mumkinmi, degan savol paydo bo`lishi tabiiy. SSV Matbuot xizmati ushbu savol bilan Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaevaga murojaat qildi.
— Ro`zador odamda qisman jisman toliqish bo`ladi. Shunday holatda ham vaksina qabul qilish kerakmi?
— Ro`za tutishda belgilangan talab va amallarni o`rganib chiqsak, imkon qadar bemor odamlar o`z salomatliklarini og`irlashtirmasliklari uchun ayrim kasalliklarda ro`za tutmasliklari tavsiya etiladi.
Bunday holatlarda, emlash jarayoniga taklif etilgan bo`lsangiz va shifokor ko`ruvida kasallikning o`tkir holati yoki avj olgan davri kechayotgani ayon bo`lsa, bu fuqarolar emlanmaydilar.
Salomatlik ko`rsatkichlari me`yorida bo`lib, o`zini sog`lom deb xis qilgan fuqaro ro`zador bo`lib, emlashga taklif etilgan bo`lsalar, shifokor ularni holatlarini o`rganib chiqib xulosa qiladi.
Bunda fuqaro salomatligi sog`lom deb baholanib, emlash tavsiya etilgan bo`lsa, unda emlashdan keyingi davrda – shifokor bilan bog`lanib turishlari kerak. Sababi turli insonlar organizmining vaksinaga reaksiyasi turli xil bo`ladi. Shu bois, emlash olganlar shifokor tavsiyalarini bajarishlari talab etiladi.
Ta`kidlash kerakki, insonlar ro`zalarini buzmay turib ham emlanish orqali organizmda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitet hosil qilishlari mumkin.
O`rni kelganda aytish lozimki, O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay`ati dunyo ulamolari xulosasiga asoslanib, koronavirusga qarshi emlash teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri bo`lganligi, buning ustiga oziqlantiruvchi emasligini inobatga olgan holda vaksina olshish joiz ekani, bu ish ro`zani buzmasligi bo`yicha bayonot bergan.






