Ijtimoiy tarmoqlarda «Talaba nega o`z joniga qasd qildi?» sarlavhali xabar tarqaldi.
Unda Qarshi davlat universitetining fizika-matematika fakultetida to`lov-kontrakt asosida ikkinchi kursda tahsil olayotgan talaba o`zini osib qo`yganligi haqida bildirilgan.Shuningdek, xabarda talaba qishki sessiya imtihonlaridan o`tolmaganligi va uning imtihondan o`tishi uchun o`qituvchi katta miqdorda pora talab qilganligi ko`rsatilgan va aynan shu holat marhumning o`z joniga qasd qilishiga sabab bo`lgan degan tahmin ilgari surilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko`ra, 2021 yil 27 fevral kuni jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish to`g`risida qaror qabul qilingan.
Ma`lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda keltirilgan marhumning o`z joniga qasd qilishiga sabab bo`lgan holatlarni o`rganish maqsadida Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilmoqda.
Natijalari haqida qo`shimcha xabar qilinishi ma`lum qilindi.






