AsosiyJamiyat

Tanzila Narbaeva Rossiyada o`zbekistonliklar bilan uchrashdi (foto)

'Tanzila Narbaeva Rossiyada o`zbekistonliklar bilan uchrashdi (foto)'ning rasmi

Shu kunlarda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbaeva boshchiligidagi delegasiya rasmiy tashrif bilan Rossiya Federasiyasida bo`lib turibdi.

O`zbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbarining tashrifi Rossiya Federasiyasida yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvdan boshlandi.

Unda O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Asadov, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o`rinbosari E. Muxitdinov, Rossiya Federasiyasi poytaxtida yashayotgan vatandoshlarimiz, shuningdek, onlayn-rejimda Rossiyaning deyarli barcha hududlaridagi diasporalar rahbarlari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va o`zgarishlar, O`zbekiston fuqarolari bo`lgan mehnat migrantlarini tizimli qo`llab-quvvatlash masalalariga e`tibor qaratilayotgani, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo`yicha ko`rilgan kompleks chora-tadbirlar, xorijda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish to`g`risida batafsil ma`lumot berildi. Xususan, Rossiya Federasiyasi hududlarida bosh konsulliklar ochilishi aksariyat fuqarolarimizning hayotini ancha engillashtirdi, shuningdek, koronavirus pandemiyasi davrida misli ko`rilmagan yordam ko`rsatildi.

Uchrashuvda so`zga chiqqanlar Rossiyadagi vatandoshlarimizga yordam ko`rsatilgani uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor qilib, Rossiyada o`zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini targ`ib qilishga, ikki mamlakat xalqlari o`rtasida “ko`prik” vazifasini o`tashga tayyorligini bildirdilar.

Rossiyadagi fuqarolarimizni qo`llab-quvvatlash bo`yicha bir necha yil oldin boshlangan islohotlar samarali bo`lgani, murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga manzilli yordam ko`rsatilayotgani, mehnat migrantlari uchun ham ijtimoiy kafolatlarning yangi mexanizmlari yaratilgani, shuningdek, fuqarolarimizning mehnat huquqlarini ta`minlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvlar Rossiya tomonidan ham bajarila boshlangani ta`kidlandi.

Yurtdoshlarimiz yoshlar va gender siyosatini amalga oshirishda mamlakatimizning erishayotgan bugungi yutuqlaridan faxrlanadilar.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida Moskvada vatandoshlarimiz tomonidan tashkil etilgan “Dugonalar” klubi O`zbekiston Respublikasining Moskvadagi Elchixonasi huzurida Xotin-qizlar jamoat kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Talaba yoshlar ham O`zbekiston tomonidan ularga ko`rsatilayotgan yordam haqida so`zlab berdilar.

Ikki mamlakatning tegishli idoralari ko`magida Rossiyada o`zbek xalqining boy tarixiy va madaniy merosi hamda ezgu an`analarini ommalashtirishga qaratilgan turli tadbirlar muntazam o`tkazib kelinmoqda.

Vatandoshlarimiz ta`kidlaganidek, ular Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlashni, Moskva va Rossiya Federasiyasi hududlarida bayram tadbirlarini o`tkazishni rejalashtirmoqdalar.

Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o`tdi. Unda har bir ishtirokchi migrasiya qonunchiligini maqbullashtirish, ro`yxatdan o`tish tartibini soddalashtirish, mehnat faoliyati bilan shug`ullanish uchun patent olish, mamlakatlar o`rtasidagi transport aloqalarini to`liq tiklash va boshqa masalalar xususida nafaqat o`z fikr va takliflari bilan o`rtoqlashdi, balki O`zbekiston parlamenti yuqori palatasining rahbariga o`zlarini qiziqtirgan savollarni ham yo`llay oldi.

    Boshqa yangiliklar