Hukumat qarori (211-son, 14.04.2021 y.) bilan «Collegium Humanum» Varshava menejment universiteti Andijon filiali tashkil etildi.
Filial nodavlat oliy ta`lim tashkiloti hisoblanadi.
Ma`lum qilinishicha, filialda o`qitish «Collegium Humanum» Varshava menejment universiteti (Polsha Respublikasi) (Muassis) tomonidan tasdiqlanadigan o`quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq kunduzgi ta`lim shaklida, ingliz, rus va o`zbek tillarida to`lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Filialda dastlabki bosqichda quyidagi bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha talabalar qabul qilinadi:
- «Moliya va buxgalteriya hisobi»;
- «Transport va logistikada menejment»;
- «Xalqaro biznes va marketing»;
- «Turizm, mehmonxona ishi va umumiy ovqatlanishda menejment va marketing»;
- «Kichik va o`rta biznesni boshqarish»;
- «Axborot-kommunikasiya texnologiyalari».
Filialda ta`lim 2021/2022 o`quv yilidan boshlanib, to`lov-kontrakt mablag`lari miqdori Muassis tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, filial bitiruvchilariga O`zbekistonda oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
Filialning har yilgi qabul parametrlarining 10 foizidan kam bo`lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli farzandlari orasidan tanlov asosida abiturientlarni (Filial granti asosida) o`qishga qabul qilish uchun ajratiladi.
Shuningdek, iqtidorli hamda o`zlashtirish ko`rsatkichlari yuqori bo`lgan talabalarga to`lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 50 foizgacha chegirma beriladi.
Filialda ta`lim berish uchun 70 foizgacha malakali xorijiy professor-o`qituvchilar Polsha Respublikasi va Evropaning boshqa davlatlaridan jalb qilinadi.






