Kasb mahorati deganda inson umri davomida shug`ullanadigan faoliyatiga doimo e`tiborli bo`lib, bilim olish orqali tajriba to`plab borishi tushuniladi. Shunday bir kasb borki, agar bu kasbda kichik bir xatolik ham inson sog`ligiga jiddiy putur etkazib, tuzatib bo`lmas xatoliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shifokorlik sohasi ana shunday o`ta mas`uliyatli, chuqur bilim va tajriba talab qiladigan sharafli kasblardan biridir. Bu kasbda o`z faoliyatini doimo vujudi kabi parvarishlab, etuk malaka, bilim, tajriba to`plamay yurishlik og`ir oqibatlargi olib kelishini birgina misol orqali ham bilib olsa bo`ladi.
Sherobod tumanidagi «Katta bog`» mahallasida yashovchi Munavvar Oltiboeva (Ism-familiyalari o`zgartirib berilmoqda) maktabda hamshira bo`lib ishlaydi. Ish faoliyatini davom ettirayotgan vaqtda, 7-sinfda tahsil olayotgan o`quvchi qiz Shahnoza Berdieva unga sog`ligi yomonlashayotganligini aytib murojaat qiladi.
Hamshira M.Oltiboeva voyaga etmagan qizchani sog`ligiga to`g`ri tashxis qo`yish yoki Tez tibbiy yordam ko`rsatish bo`limiga murojaat qilish chorasini ko`rmasdan, og`riq qoldiruvchi «noshpa» preparatini bemorning mushak osti sohasi (son orqa nerv tolasi o`tgan soha)ga noto`g`ri muolaja (ukol) qilganligi uning sog`ligi yomonlashishiga, ya`ni o`ng oyoq falaji bo`lib qolishiga sababchi bo`ladi.
Jinoyat ishlari bo`yicha Sherobod tuman sudining hukmi bilan Munavvar Oltiboeva sodir etgan ehtiyotsizlik va malaka sustligi sababli qilgan jinoyati uchun Jinoyat kodeksining 116-moddasi, 1-qismi bilan aybdor deb topilib, bir yarim yil muddatga sog`likni saqlash tizimida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosiga tayinlandi.
Zufar NARZIEV,
Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudi sudyasi
Olim TOG`AEV,
Jinoyat ishlari bo`yicha Sherobod tuman sudi raisi