"Milliy tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirov o`zbek tiliga bo`layotgan munosabatlar va bu boradagi shaxsiy qarashlarini bildirdi.
“Rossiyada muhojirlarning farzandlari amalda rus tili va madaniyati muhitiga, imkoni boricha rus milliy qadriyatlariga to`liq singib ketishiga erishish kerak” V.Putin.
Bu rus milliy manfaatlari nuqtai nazaridan hurmat qilinishi kerak bo`lgan, to`g`ri fikr. Qaerda yashasang o`sha erga moslashasan. Yumshoqroq bo`lsang singib ham ketasan, albatta.
Biz esa yuz yildan beri rus vatandoshlarimizga o`zbek tilini o`rgata olmaymiz. Aksincha, o`zbeklar farzandini rus tilida ta`lim olishga yo`naltirayotgani odatiylashib bormoqda. Toshkent shahrida o`zbek tilida o`qitilmaydigan maktablar soni ko`payib ketdi. Achinarlisi, bunday maktablarning 90 foizdan ko`p o`quvchilari o`zbeklardir. Bu qonunchilikdagi xato bilan bog`liq masala.
Yangi tahrirda ko`rilayotgan “Davlat tili xaqida”gi qonun loyihasining 18-moddasida “O`zbekistonda yashovchi shaxslar tarbiya va ta`lim olish tilini tanlash huquqiga egadirlar” deb belgilanmoqda.
Bu huquq amaldagi qonunda ham bor bo`lib, faqat ta`lim tiliga tegishli edi, endi tarbiya ham qo`shilmoqda. Bu norma mohiyatan boshqa millat vakili bo`lgan vatandoshlarimizning ona tilida tarbiya ko`rish va ta`lim olish huquqini ta`minlashga qaratilgan edi. Buni qarangki, o`zbek oilalari “farzandim rus tilini yaxshi bilsin” degan niyat bilan bog`chadan yoki 1-sinfdan boshlab farzandi uchun tamoman begona bo`lgan tilni tanlashmoqda.
Fojea faqat bunda emas. E`tibor bering, bolalar 5-6 sinfgacha butun diqqatini rus tilini anglash uchun (!) sarflaydi. Tabiiy ravishda boshqa muhim fanlarni rus tilida tushunmagani uchun o`zlashtira olmaydi. Bu vaqtga kelib ikkinchi shok boshlanadi: yuqori sinflarda aniq fanlarni rus tilida o`qitadigan pedagoglar yo`q hisobi. Endi bola matematika va fizikani o`zbek tilida o`qishga majbur bo`ladi, lekin o`zbek tilini tushunmaydi.
Bola shu ikkita shok bilan, rus tilini “sudrab”, milliy qadriyat, vatan, ma`naviyat degan so`zlarga nafrat bilan maktabni bitiradi.
Marhamat, o`zbek yoshlaridan iborat ishchilar guruhi. Bu holatda ularning juda ko`pi uchun yagona yo`l Rossiyada qora mehnat bo`lib qoladi.
Shu sababli "Milliy tiklanish" partiyasining fraksiyasi ushbu normani "O`zbekistonda yashovchi shaxslarga o`z ona tilida tarbiya va ta`lim olish uchun sharoit yaratiladi" shaklida o`zgartirishni tashabbus qilmoqda.
Eslataman, Konstitusiyada O`zbekistondagi barcha millatlarning tillarini rivojlantirish uchun sharoit yaratishga va`da berilgan. Bu va`da oshig`i bilan bajarilmoqda, bajarilishi ham kerak. Lekin, bag`rikengligimiz oqibatida o`zbeklarning yangi avlodi o`zligini anglamaydigan, ona tilini bilmaydiganlardan iborat bo`lishiga yo`l qo`yib bo`lmaydi.
O`zbekning bolasi o`zbek qadriyatlari bilan tarbiya ko`rsin, savodini o`zbek tilida chiqarsin, 7-sinfdan boshlab istagan xorijiy tilni o`rgansin, bu millat rivoji uchun zarur.
Boshqa millat vakillari bo`lgan vatandoshlar ham ona tillarida tarbiya ko`rsinlar, savod chiqarsinlar, lekin xorijiy tillar bilan bir qatorda, vatan tili sifatida o`zbek tilini ham o`rganishlari kerak.
“O`zligiga begona insondan baxtsizroq yana kim bo`lishi mumkin?”
F.Dostoevskiy.






