AsosiyJamiyat

Toshkent viloyati IIBB YHXB binosida qidiruvdagi shaxs “qopqon”ga tushdi

'Toshkent viloyati IIBB YHXB binosida qidiruvdagi shaxs “qopqon”ga tushdi'ning rasmi

Mazkur fuqaro qing`irliklari tafsilotlari haqida Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabar bermoqda.  

Samarqand viloyatining Payariq tumanida tug`ilgan, hozirda Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 1982 yilda tug`ilgan  fuqaro Z.Ya. odamlar ishonchiga kirishga, o`zining yolg`onlari bilan ularni chuv tushirishga ustasi farang bo`lib ketgan. U o`ziga shu darajada ishonib, manmanlikka berilib ketganidan ehtiyot bo`lishni unutdi. Navbatdagi  jabrdiydani chuv tushirib, uni aldab, u bilan spirtli ichimlik iste`mol qilib transport vositasini boshqardi. Lekin, YPX xodimlari uning soxta do`qlariga, yuqori mansabdagi tanishlari bilan qo`rqitishlariga parvo ham qilishmadi. Shunday qilib firibgar birinchi marta “sindi”. Sud uni ma`lum muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qildi.

Har qanday odam bundan keyin o`ziga tegishli xulosa chiqarishi kerak edi. Ammo Z.Ya. bunday qilmadi. Yashash joyi atrofida firibgarligi ish bermay qolgach, o`zi tug`ilgan Samarqand viloyatiga yo`l oldi. Bu erda ham birin-ketin soddadil kishilarni domiga ilintira boshladi. Ishtahasi ochilib, kattaroq firibgarliklarga qo`l urdi. Ammo, odamlar aldanib qolaverishmaydi, ular IIBga ariza bilan murojaat qilishdi. Z.Ya.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi, 4-qism, “a” bandida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bundan xabar topgan firibgar juftakni rostlab qoldi.

Bu orada uning avtotransport vositasini haydash huquqidan mahrum qilingan muddati tugadi. Qibrayga qaytib kelgach, u haydovchilik guvohnomasini qaytarib olish maqsadida joriy yilning 13 aprel kuni Toshkent viloyati IIBB YHXBning ro`yxatlash va imtihon olish bo`limiga keldi. Arizalarni rasmiylashtirish uchun hujjatlarini Davlat YHXX inspektori Sh.Qosimovga taqdim etgan Z.Ya. hozirda zamonaviy, innovasion texnologiyalar yordamida qidiruv ishlari olib borilishini bilmay qoldi va shu erda “qopqon”ga tushdi. Xodimlar zudlik bilan Samarqand viloyatidagi hamkasblari bilan bog`lanib aniqlik kiritishdi va qidiruvda bo`lgan fuqaro Z.Ya. viloyat IIBBga topshirildi, deyilgan xabarda. 

   

    Boshqa yangiliklar