1

Prezident Samarqandga etib bordi. Viloyatdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvini xalqaro aeroportni ko`zdan kechirish bilan boshladi

Jamiyat 15.04.2021, 13:22
Prezident Samarqandga etib bordi. Viloyatdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvini xalqaro aeroportni ko`zdan kechirish bilan boshladi

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 15 aprel kuni Samarqand shahriga keldi.

Ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv Samarqand xalqaro aeroportidan boshlandi. Davlatimiz rahbari 2019 yili viloyatga tashrifi chog`ida ushbu “havo bandargohi”ni modernizasiya qilish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi.

Loyiha doirasida yangi terminal, uchish-qo`nish yo`lagi, turargoh va boshqa ob`ektlar barpo etilishi belgilangan. Bugungi kunda uzunligi 3105 va eni 60 metr bo`lgan uchish-qo`nish yo`lagi qurilishi tugallanib, yoritish-signal chiroqlari va aeronavigasiya uskunalari o`rnatilmoqda.

Prezident dastlab xalqaro aviasiya standartlari asosida qurilgan uchish-qo`nish yo`lagini ko`zdan kechirdi.  

Yangi terminal zamonaviy dizaynga, bir soatda 800 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatish quvvatiga ega bo`ladi. Ilgari bu ko`rsatkich 400 nafar edi.

– Odamlarga qulaylik yaratish asosiy maqsad bo`lishi kerak. Buning uchun “aqlli texnologiyalar”ni qo`llash, xizmatlarni arzon, sifatli, tezkor qilish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Turli kattalikdagi samolyotlar uchun 24 ta turargoh barpo etilmoqda. Shundan uchtasi “havo kemalari”ga muzlashga qarshi ishlov berish uchun mo`ljallangan bo`ladi.

Aeroportda kargo xizmati ham yo`lga qo`yiladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida to`xtalib, yuk tashish raqobatbordoshligini oshirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

– Kargo barqaror va manfaatli bo`lishi uchun doimiy yuk kerak. Buning uchun samolyotlarga xizmat ko`rsatish, yuklarni ortish va etkazib berishni arzon va tez yo`lga qo`yib, boshqa aviakompaniyalarni jalb etish zarur. Bundan tashqari, viloyatda eksportbop meva-sabzavotlarni ko`paytirib, ularni shu kargo orqali jahon bozoriga chiqarish mumkin, – dedi Prezident.   

Yangi aeroportni joriy yil sentyabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shundan so`ng, u “ochiq osmon” rejimida to`liq ishlay boshlaydi. 1000 kishi ish bilan ta`minlanadi.

Samarqand xalqaro aeroporti 1967 yilda qurilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1