DXX idoralari tomonidan qalbaki xorijiy valyutalarni mamlakatimizga olib kirish va muomalaga chiqarishga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazildi, deya "darakchi.uz"ga xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Xususan, Andijon shahrining Yangibozor hududida joylashgan savdo majmuasiga 4 nafar fuqaro kelib, narxi 1100 AQSh dollari bo`lgan «Iphone 12» rusumli uyali aloqa telefonining 9 donasini 9900 AQSh dollariga sotib olmoqchi bo`lishadi va sotuvchiga kelishilgan pul mablag`ini berishadi. Biroq, sotuvchi ular bergan xorijiy valyuta soxta ekanligini bilib, pullarini qaytarib beradi.
Qalbaki dollarni o`tkazish bo`yicha xiylalari ish bermagan to`rttovlon endi pullarni arzonroq narxda haqiqiy valyutaga almashtirish uchun Toshkent shahri tomon yo`lga chiqishadi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Yo`l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar kelayotgan avtomashina Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida to`xtatildi. Tekshiruv davomida ulardan qalbaki 10100 AQSh dollari prosessual tarzda rasmiylashtirib olindi.
Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etildi.
Jumladan, Uychi tumanida yashovchi fuqaro Yangiqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi sherigi bilan Namangan shahridagi aksiyadorlik tijorat banki xodimining ishonchiga kirib, o`zlarida mavjud bo`lgan katta miqdordagi qalbaki AQSh dollarini unga bankdagi detektor orqali tekshirib ko`rishini, agar qurilmadan o`tsa ularni haqiqiysiga almashtirib berishini, evaziga har 1000 AQSh dollari uchun unga 200 AQSh dollaridan berishlarini aytishadi.
DXX va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining viloyat boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ikki qonunbuzar shaxs qalbaki 7050 AQSh dollarini haqiqiysiga almashtirish uchun bank xodimiga bergan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ta`kidlash lozimki, har ikki holatdagi qalbaki dollarlar 50 dollarlik kupyuralardan iborat bo`lib, ular xorijdan kontrabanda yo`li bilan mamlakatimizga olib kelingan.
Hozirda ushbu fuqarolarga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyatlar ishlari doirasida qalbaki xorijiy valyutalarning kelib chiqish manbalari va ularning respublikamizga olib kirilishiga aloqador bo`lgan shaxslarni aniqlash bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.






