1

Qashqadaryoda IIB xodimi jurnalistga nisbatan bir qancha normalarni qo`pol ravishda buzdi. Holat yuzasidan bayonot berildi

Jamiyat 17.04.2021, 08:40
Qashqadaryoda IIB xodimi jurnalistga nisbatan bir qancha normalarni qo`pol ravishda buzdi. Holat yuzasidan bayonot berildi

Kecha, 16 aprel kuni «Daryo» internet-nashrining Qashqadaryo viloyatidagi muxbiri Otabek Qo`ldoshev hamda Qarshi shahar IIB xodimi o`rtasida ro`y bergan voqea Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan o`rganib chiqildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Xabarga ko`ra, mazkur holat aks etgan videolavhada ichki ishlar organi xodimi jurnalistga nisbatan amaldagi bir nechta qonun normalarini qo`pol ravishda buzgan.  

Xususan, "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to`g`risida"gi qonunning 8-moddasiga ko`ra, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog`ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Mazkur qonunning 10-moddasiga ko`ra, davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o`z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta`minlashi lozim, 14-moddada esa jurnalistning ushbu qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkiga tahdid, zo`ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo`lishi belgilangan.

Shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g`ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g`ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.  

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to`g`risida»gi qonunining 9-moddasida «Ichki ishlar organlari o`z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda, ...ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirishi» zarurligi belgilangan.

Ushbu holat yuzasidan Agentlik o`z vakolati doirasida Ichki ishlar vazirligiga so`rov yubordi. 

AOKA ayni paytda davom etayotgan xizmat tekshiruvi natijalarini sinchkovlik bilan kuzatib boradi. Ishonamizki, Ichki ishlar vazirligi amaldagi qonunchilik normalarini chetlab o`tgan xodimning xatti-harakatlariga munosib baho beradi hamda tegishli chora ko`radi.  

Ta`kidlash joiz, bu kabi holatlar so`z va matbuot erkinligini ta`minlash, jurnalistlarning erkin faoliyat ko`rsatishi borasidagi davlat siyosatiga ziddir. Agentlik, o`z o`rnida, barcha darajadagi davlat idoralari xodimlarini axborot qonunchiligi hamda jurnalistlar vakolatlariga hurmat bilan munosabatda bo`lishga chaqiradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1