Ijtimoiy tarmoqda "GAI xodimi shaxsiy avtomobilida "Damas"ni quvib yuribdi" sarlavhasi ostida tarqalgan video lavha yuzasidan ma`lumot berildi.
Ma`lum qilinishicha, 14 aprel kuni Angren shahar IIO FMB YHXB xodimi Sh.Julanov Transport boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Angren shahar, Amir Temur ko`chasida xizmat olib borayotgan vaqtda, "Damas" rusumli avtomobil haydovchisiga to`xtash ishorasini ko`rsatgan. Haydovchi YPX xodimining talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan. YPX xodimi "Lasetti" rusumli avtomobilda bo`ysunmay harakatlangan haydovchini kuzatib borgan. "Damas" haydovchisi harakati davomida boshqa YPX xodimlarining ham ishoralariga bo`ysunmagan.
Ko`rilgan tezkor choralar natijasida "Damas" avtomobili to`xtatilgan. Haydovchi, 1992 yilda tug`ilgan T.K. me`yoriy hujjatlari yo`qligini va shu sababli xodimning to`xtash ishorasiga bo`ysunmaganligini ma`lum qilgan. Haydovchiga nisbatan tegishli tartibda ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Joriy yilning 16 aprel kuni jinoyat ishlari bo`yicha Angren shahar sudida holat o`rganilib, fuqaro T.K. O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 194-moddasi 1-qismi hamda 183-moddasida ko`rsatilib o`tilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deya topilib, 10 sutka ma`muriy qamoq jazosi belgilandi.