1

Rishtonda elektromopedlar ishlab chiqariladi

Jamiyat 19.04.2021, 10:24
Rishtonda elektromopedlar ishlab chiqariladi

Energiya tejamkor, xavfsiz va ekologiyaga zarar etkazmaydigan transport vositalariga talab ortmoqda. Bu haqda UzA xabar bermoqda. 

Ayni kunlarda Farg`ona yo`llarida ixcham, ko`rkam elektromopedlarni uchratasiz. Boshqarishga qulay mazkur ulovning ehtiyot qismlari Xitoydan keltirilib, Rishtondagi “Start-Max” mas`uliyati cheklangan jamiyatida foydalanish uchun tayyor holga keltirilmoqda.  

Mini, klassik, xay-tek kabi to`qqiz xildagi elektromopedning bugun Farg`ona viloyati bo`yicha bozori chaqqon. 30 chog`li ishchining qo`li-qo`liga tegmaydi. Hozirgacha ana shunday elektromopedlarning 300 ga yaqini savdoga chiqarilgan.

– Rishtonda kulolchilik rivojlangan. Deyarli har bir oilaning kulolchilik buyumlarini savdo do`konlariga sifatli va tez etkazib berishda mana bunday elektromopedlarga ehtiyoji bor, – deydi korxona rahbari Saidahmad Akbarov. – Qulayligi shundaki, 3 ming so`mlik elektr toki bilan 70-80 km masofani bosib o`tish mumkin. Ikki kishiga mo`ljallangan elektromopedlar lyuk, ventilyator, magnitofon bilan jihozlangan bo`lib, haydovchiga engillik yaratadi. Narxi akkumulyatorining soniga qarab 12 milliondan 20 milliongacha borishi mumkin.

– Elektromopedlarning ishlab chiqarilishi nafaqat ehtiyojmandlar, balki mahallamizdagi ishsizlar uchun ham juda ajoyib imkoniyat bo`ldi, – deydi “To`da” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Qambarali Meliboev. – Hozirda shu ish bilan 30 nafar fuqaromiz band. Tadbirkorga hozir joy masalasi muammo bo`lib turibdi. Agar shu muammo hal etilsa, Saidahmad Akbarov yana 100 ta ishchi o`rni yaratish niyatida. Keyinchalik korxonada elektromopedlar nafaqat yig`iladi, balki ishlab chiqarish ham ko`zda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1