1

O`zbekistonda olti yarim million nafardan ortiq bolalar ommaviy degelmintizasiya tadbirlari bilan qamrab olinmoqda

Salomatlik 19.04.2021, 18:36
Teglar: degelmintizasiya
O`zbekistonda  olti yarim million nafardan ortiq bolalar ommaviy degelmintizasiya tadbirlari bilan qamrab olinmoqda

Bugun, 19 aprel kuni yurtimiz bo`ylab 2-10 yoshdagi (jami 6 million 115 ming nafardan ortiq) bolalar hamda zararlanish yuqori bo`lgan hududlar (Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg`ona viloyatlari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi)dagi maktablarda 15 yoshgacha (jami 445 ming nafardan ortiq) maktab o`quvchilari orasida ichak gelmintozi bilan kasallanishning oldini olish bo`yicha ommaviy tadbirlar boshlandi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, bu tadbirlarning 1-turi joriy yilning 19–24 aprel kunlari davom etadi.  

Ma`lumot uchun, gelmintozlar inson organizmiga parazit chuvalchanglar (gijjalar) kirishi natijasida yuzaga keladi. Chuvalchanglar o`zi yashab turgan vujuddagi ozuqalar hisobiga kun ko`radi.

Bugungi kunda bunday zararkunandalarning 250 ga yaqin turi aniqlangan bo`lib, shulardan 9 xili bolalarda uchraydi. Agar kasallik kuzatilsa:

  • bolaning qorni og`riydi,  
  • ishtahasi buziladi,  
  • asabiylashadi,  
  • jizzaki bo`lib qoladi,  
  • uyqusida tishlarini g`ichirlatadi.  

 

️Parazit inson organizmida 5 mingdan 150 minggacha tuxum qo`yadi.  Ularning xavfliligi shundaki, tez rivojlanadi va ichak orqali butun tanaga tarqalib, ichki a`zolar va tizimlarni shikastlaydi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining taqsimotiga ko`ra, maxsus dori vositalari ommaviy degelmintizasiyaning 1-turini tashkillashtirish uchun hududlarga etkazib berildi.  

Bolalar preparatlarni bog`cha va maktablarda qabul qilmoqdalar, shuningdek, uyda tarbiyalanayotganlarga esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hududiy bo`linmalari tomonidan tashkil qilingan guruhlar mahallabay tarzda uyma-uy yurib, maxsus dori vositalarini tarqatmoqda.

Ommaviy degelmintizasiya tadbirlari Prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi “2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo`llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to`g`risida”gi Farmoni hamda 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog`lom ovqatlanishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorining ijrosi asosida tashkil qilinmoqda.

Ommaviy degelmintizasiya tadbirlarining 2-turi 6 oydan so`ng tashkil qilinishi ko`zda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1