Toshkentda badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichi o`z yakuniga etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Musobaqaning so`nggi kunida ham Ekaterina Pirojkova murabbiyligidagi jamoamiz guruh mashqlarida o`zining g`olibona odimini davom ettirdi.

Guruh mashqlarida O`zbekiston terma jamoasi yana shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy oldi va qizlarimizning olamshumul g`alabasi sharafiga yana O`zbekiston bayrog`i ko`tarilib, madhiyasi yangradi.
Nilufar Shomurodova, Dinara Ravshanbekova, Kseniya Aleksandrova, Sevara Safoeva hamda Kamola Irnazarova 5 to`p bilan mashqlarni ajoyib tarzda bajarishdi va ularning hatti-harakatlari hakamlar tomonidan eng yuqori baholandi – 40.95.
2-o`rinni ikki ochkodan ko`proq farq bilan Belorus terma jamoasi egalladi. Ularning chiqishi 38,65 ball bilan baholandi. 5 to`p bilan mashq bajarishda 37,60 ball jamg`argan Isroil terma jamoasi kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Uch halqa va ikki juft bulava bilan mashq bajarishda beloruslik gimnastikachilar tengsiz ekanligini isbotlashdi – 38,65 bill bilan ular 1-o`ringa sazovor bo`ldi. Ushbu yo`nalishda hamyurtlarimiz 37,70 ball bilan kumush medalni Toshkentda olib qolishdi. Bronza medali yana isroillik qizlarga nasib etdi. Ularning chiqishini hakamlar 34.95 ball bilan baholadi.
Jahon kubogining shaxsiy birinchiligida O`zbekiston sharafini iste`dodli qizlarimizdan Sabina Tashkenbaeva hamda Ekaterina Fetisovalar himoya qilishdi. Har ikkala sportchimiz halqa bilan mashq bajarishda finalga yo`l oldi. Yakuniy natijalarga ko`ra, Sabina 5-o`rinni egallagan bo`lsa, Fetisova 8-o`rin bilan kifoyalandi.















