Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O`zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a`zosi Gulruh Agzamova bolalar maydonchalari haqida gapirarkan o`z bolaligini ham yodga oldi.
...bolaligimdagi maydonchamni sog`inibman. Haqiqiy bolalikni his qildirgan, yiqilsak, faqat ozgina yara yoki ko`karish bilan chegaralanib, shunday bo`lsa-da, o`ynayotgan barcha bolalakaylar “yarador” do`stining uyiga kirib, ota-onasiga holatni tushuntirishga harakat qilar, ularning biri qo`yib biri olib chug`urlashiga tushunolmay jilmaygan onalarga “Yana o`ynasak maylimi?” deb do`stimizni “gap eshittirmasdan” ko`chaga olib ketar edik...
U maydonchalar juda sodda va oddiy, lekin ishonarli va mustahkam edi. Ota-onalar hech qachon bolalar maydonchasida farzandlari aziyat chekishi, eng dahshatlisi, nobud bo`lishini hayoliga ham keltirmas edi.
Bugungi jadal olib borilayotgan qurilishlar, 7 yoshdan 70 yoshgacha aholimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar bir quvontiradi bir o`ylantiradi. Quvonchimga sherik bo`lish uchun televizor muruvvatining istagan tugmasini bosing yoki ko`chaga chiqing – isboti ko`z o`ngingizda namoyon. Ko`zoynak ham shart emas.
Biroq ham o`ylantirib ham xavotirga solayotgan, pushti ko`zoynakni echishga majbur qilayotgan holat – bolalar maydonchalaridagi “achinarli” ahvoldir.
To`g`ri, ularning bugungi ko`rinishi zamonaviy, jilvakor. Asosan o`tkir, uchli, nari-beri payvandlanib, mahkamlangan, g`aribona temir konstruksiyalardan iborat bo`lib, qattiq qoplamga ega. Buning natijasida bolalar ulardan tez-tez yiqilib tushadi, tizzalarini yaralaydi, qo`l-oyoqlarini sindiradilar. Travmatologlarning ma`lumotlariga ko`ra, bolalar bunday maydonchalarda yo`l-transport hodisalariga qaraganda ko`proq jarohat olmoqdalar.
Bolalar sport va o`yin maydonchalarini qurish, ulardan foydalanish va xavfsizligi bilan bog`liq qonun hujjatlarining monitoringi bu sohadagi sayozlikni ko`rsatmoqda. Xususan, ushbu masala bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 dekabrdagi “Bolalar maydonchalarini tiklash va tashkil etishning 2011-2015 yillarga mo`ljallangan chora-tadbir dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi 304-sonli Qarori (hujjat 2021 yil 22 fevralda kuchini yo`qotgan), O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish(hozirgi Bandlik va mehnat munosabatlari) vazirining 2012 yil 16 iyuldagi “Bolalar maydonchalarida texnika xavfsizligiga rioya etish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi 32-B-sonli Buyrug`i kabi normativ hujjatlar ancha eskirgan va talab darajasida emas. Mavjud hujjatlar ijro etish uchun majburiy ham emas, balki tavsiya etish tusida bo`lganligi sababli, bu masalada gapiruvchilar ko`p: turli ekologik dasturlardan tortib aholi punktlarini obodonlashtirish va saqlab turish bilan bog`liq hujjatlarga qadar hammasi shunga e`tiborni qaratadi. Lekin ularni qurish va foydalanish ustidan nazorat qilishning ta`sirchan tizimi mavjud emas.
Muammoning tub ildizi bolalar maydonchalarining qurilishi va saqlab turilishi uchun kim javob berishi masalasi tartibga solinmaganligiga taqaladi. Qiziq bir holat. Negadir mazkur ob`ektlar foydalanishga topshirilgandan keyin yarim yil – bir yil ichida albatta uning tagidan quvurlar, kommunikasion simlar va hakozolar o`tgani “aniqlanib”, “javobgarlar” kavlashga tushib ketishadi. Muammo-ku bartaraf etilar (necha kun yoki yilga?!), lekin kavlangan o`rani, chuqurni qayta yopish albatta “esdan chiqib” qoladi?! Natijada, mazkur o`ra yo “yangi” chiqindixonaga yoki bolakaylarning navbatdagi “travmatologik” ob`ektiga aylanadi.
2020 yili Davlat dasturi doirasida Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi tomonidan butun respublika bo`ylab 389 ta bolalar o`yin maydonchasi qurilganligi ma`lum. Lekin ularning “ishonchliligiga” shubham bor. Bunga kuni kecha Toshkent shahrining «Vodnik» dahasidagi bolalar maydonchasida mahkamlanmagan arg`imchoq ustunining qulab tushishi natijasida 8 yoshli bolaning o`limi musibatli misoldir.
Ota-ona uchun farzandining o`ynagani ko`chaga o`z oyog`i bilan sog`lom chiqib ketib, uyga uning jasadining kirib kelishidan mudhish va dahshatli manzara bo`lmasa kerak.
Hayotim davomida bu kabi holatning ikki bor guvohi bo`lganligim ko`tarilayotgan masalaga jiddiyroq mas`uliyat bilan yondoshishni talab etadi. Hamza tumanida (hozirgi Yashnobod) hokim o`rinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlarim, farzandini bolalar bog`chasiga olib borib, ishiga hotirjam ketgan onaga bog`chadagi quvurning usti yopilmaganligi natijasida 3 yoshli qizchasining tushib ketib nobud bo`lgani haqidagi xabarni aytishga o`zimda na kuch, na oriyat, na ko`z yoshi, na bir so`z topa olgan edim...onaizorning faryodi oldida bularning barchasi bir pul edi...
Har kim o`z ishiga professional darajada yondoshishi, ishonib topshirilgan vazifaga jon kuydirishi, davlatimiz rahbari doimo takrorlaganidek “o`zini qiynashi” kerak. Chunki gap farzandlarimiz haqida. Millat kelajagining ko`chaga sog`-omon chiqib kelishi, bolalar maydonalarida qiyqirib o`ynashi, menimcha ko`p narsa talab qilmaydi. Faqatgina ogoh bo`laylik, mas`uliyatli va majburiyatli bo`laylik, ko`zimizdagi pushti ko`zoynakni echib, bir mulohaza qilaylik.