AsosiyJamiyat

"Bunga o`zim ham qarshiman". Zoyir Mirzaev Qarshida 1,35 milliard so`mga bayroq o`rnatilayotganiga munosabat bildirdi

'"Bunga o`zim ham qarshiman". Zoyir Mirzaev Qarshida 1,35 milliard so`mga bayroq o`rnatilayotganiga munosabat bildirdi'ning rasmi

 Avvalroq, Qarshida 62,5 metrlik davlat bayrog`i o`rnatilmoqda. Uning birgina ustuniga 1,35 milliard so`m sarflanishi haqida xabar bergan edik. Endilikda muhokamalarga sabab bo`layotgan bayroq o`rnatilishiga viloyat hokimi Zoyir Mirzaev munosabat bildirdi.

Avvalo, ushbu masalani keng jamoatchilik e`tiboriga olib chiqqan OAVlarga rahmat. Har birimizni Vatanimizga bo`lgan muhabbatimiz cheksiz. Ramzlari ham qadrli. Lekin, buning uchun xalqdan, tadbirkorlardan kelayotgan mablag` evaziga bu qiymatdagi qurilishni bugungi vaziyatda sarflash befoydadek, chog`i. Bu fikrni ijtimoiy tarmoqlarda ko`pchilik yurtdoshlarimiz ham bildirib o`tishibdi.

O`zim ham davolanishda bo`lganim sababli, shifoxonada ushbu xabarni o`qib qoldim. Muhtaram Yurtboshimizning talab va maqsadlari xalqni rozi qilish, xalqning yashash sharoitlarini yaxshilashdan iborat bo`lib turgan bir paytda, bu kabi qurilish ishlariga o`zim ham qarshiman.

O`zim ham har kuni aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida tuman va shaharlarda bo`laman. Yaqinda Qarshi shahridagi 136-sonli oilaviy yotoqxonaga borib uysiz fuqarolarimizni majburlikdan xarobaga aylangan binoda qo`nim topgani meni qiynadi. Men bilan hamroh bo`lib borgan rahbarlarni ham ozroq bo`lsada vijdoni qiynalgan bo`lsa kerak. Ayrimlari hayot sinovlarini engib o`ta olmagan bo`lsa ham, ularning shirindan-shakar farzandlarida nima gunoh? Ular ham baxtli yashashga haqli.

Xabaringiz bor, yaqinda qariyb yarim milliard so`m ajratdik va 17 nafar fuqaroning mukammal operasiyalarini amalga oshirmoqdamiz. (https://t.me/qashvilhokimligi/13762) Ushbu saxovat tadbirining ortidan 17 ta xonadonga, ularning yaqinlariga baxt, salomatlik va xotirjamlik ulashdik.

Eng katta kechirimlilikni, mehrni Davlat rahbarimizning “Mehr” operasiyalari ko`rsatib berdi. Ayollar va yuzlab begunoh bolalar yurtimizga qaytarilgan bir paytda, yonimizdagi yotoqxona xaroba ahvolda bo`lsa-yu, biz "ustun quramiz", deb xalqning jig`iga tegib o`tirsak.

Ushbu xaroba yotoqxonani ta`mirlash uchun 2.5-3 mlrd. atrofidagi mablag`ni manbasini qayerdan topishni bilmay turgandim. Ustun uchun sarflanayotgan 1.350 mlrd. so`mni ushbu yotoqxona ta`miriga yo`naltiramiz. Qolgan so`mmani ham manbasini topib, ushbu yotoqxonani katta tantana bilan topshiramiz. Mustaqilligimizning 30 yillik bayramiga ustun emas, fuqarolarimiz uchun shinam xonadonlar tuhfa qilamiz. Xo`sh, nima deysizlar?

Ustun masalasiga kelsak, biror homiy tomonidan ixtiyoriy qo`llab-quvvatlansagina quriladi. Davlat byudjetidan mablag` sarflanmaydi.

Shu o`rinda,  bu kabi mablag`larning sessiyalarda tasdiqlanishida mahalliy kengash deputatlarini, jamoat faollari ishtirokidagi “xalqparvar komissiya”larini ham faollikka chaqiraman. Davlatning bir so`mi ham maqsadsiz yoki samarasiz ketmasligi kerak.

Boshqa yangiliklar