MOQning xabariga ko`ra, "Tokio-2020" Olimpiya va Paralimpiya o`yinlariga tayyorgarlik ko`rayotgan terma jamoa vakillari koronavirusga qarshi emlash oldidan tibbiy tekshiruvdan o`tkazilmoqda. Dastlabki tibbiy nazorat ishlari gimnastika va sport kurashlari bo`yicha terma jamoalaridan boshlandi.
Mutasaddilar dastavval kurashchilarning bazasiga tashrif buyurib, u erda mashg`ulot olib borayotgan erkin va yunon-rum kurashchilar, murabbiylar hamda shifokordan qon va PZRga surtma tahlillar olishgan. Kurashchi qizlardan esa 3 may kuni namunalar olish rejalashtirilgan.



Ishchi guruhning boshqa vakillari esa badiiy gimnastikachilarning bazasida bo`lishdi. Qayd etish joiz, ular Rossiyada o`quv-mashg`ulot yig`inini o`tkazayotgan davrlarida “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanishgan edi. Shu bois, tekshiruv davomida sportchi qizlarimiz, murabbiy, shifokor va massajchilarning salomatligi nazoratdan o`tkazildi.



Yakuniy xulosalarga ko`ra, hech bir atletimizning salomatligida jiddiy kamchiliklar aniqlanmagan.






